Yurtimiz bo‘ylab millionlab kapalaklar parvoz qilmoqda: mutaxassis nima deydi?

Xabaringiz bor, yurtimiz bo‘ylab to‘q sariq–qora rangdagi millionlab kapalaklar hali u viloyatda, hali bu viloyatda uchib yuribdi. Xo‘sh, ular qayerdan kelib qolishdi, bu haqda mutaxassislar nima deydi?

Samarqand veterinariya meditsina instituti mutaxassislarining ma’lum qilishlaricha, qishning issiq kelishi va shu tufayli yerning yuza qismining muzlashi uncha chuqur bo‘lmagani ushbu kapalaklar lichinkalarining odatdagidan ko‘proq saqlanib qolishiga sabab bo‘lgan.

Shuningdek, bahorning odatdagidan seryog‘in va salqin kelishi, ular oziqlanadigan o‘simliklarning yaxshi yetilib o‘sishi kapalaklarning tez ko‘payishiga sabab bo‘lgan.

"Yomg‘irli salqin havo bunday kapalaklarning ko‘payishi uchun eng zo‘r sharoit tug‘diradi. Shuning uchun ular bunday yomg‘irli salqin havoda tez ko‘payishadi.  Agar ob-havo o‘tgan yilgiday bo‘lib, may oyidayoq kunlar yozdagiday isib ketganda kapalaklar bunchalik ko‘paya olmasdi. Aksincha, issiqda nobud bo‘lib ketar edi. Hozir yurtimiz bo‘ylab aylanib yurgan kapalaklar ham havo isigandan ulgurgani boshqa salqin o‘lkalarga uchib ketadi, ulgurmaganlari esa shu yerda nobud bo‘ladi" deydi, institut dotsenti Qahramon Xushvaqtov.