Yurtimizda epidemiologik vaziyat barqarorlashmoqda
"O‘zekspomarkaz"da davolanayotgan koronavirusga chalingan bemorlar Zangiotaga ko‘chiriladi. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zosi Barno Abdusamatova ma’lum qildi.
2020 yil 11 dekabr holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 74 811 nafarni tashkil etmoqda. Kasallikdan sog‘ayganlar jami 72084 nafarga yetdi va sog‘ayish ko‘rsatkichi 97 foizni tashkil qilmoqda.
Toshkent shahrida epidemiologik vaziyatning barqarorlashayotgani inobatga olinib, koronavirusga chalingan va gumon qilingan bemorlarga muolaja uzluksizligini ta’minlash va infeksiyaga qarshi kurashga ixtisoslashgan kuchlarning tarqoqligiga barham berish maqsadida “O‘zekspomarkaz”ning 3- va 4-pavilionlaridagi saralash va taqsimlash markazi va “Universal” sport majmuasidagi saralash va taqsimlash markaziga koronavirusga chalingan va unda gumon qilingan bemorlarni qabul qilish to‘xtatildi.
Bu muassasalarda davolanayotgan bemorlar Zangiota tumanidagi yuqumli kasalliklar shifoxonalariga ko‘chiriladi.
Vaqtinchalik shifoxonalarda faoliyat yuritayotgan tibbiyot xodimlari bilan mehnat shartnomalari tegishli tartibda bekor qilinib, ular avvalgi ish joylariga qaytariladi.
Hozirda mamlakatimizda pandemiya xavfi nisbatan kamaygani tufayli koronavirusga chalingan bemorlarni davolash bilan shug‘ullanadigan 159 ta tibbiyot muassasasidan faqat 32 tasi faoliyat yuritmoqda.
Toshkent shahridagi shahar perinatal markazi 2 dekabrdan boshlab koronovirus infeksiyasiga gumon qilingan va kasallangan xomiladorlar ayollarni qabul qilishni to‘xtatadi.
Ushbu toifadagi homilador ayollar ham Zangiota yuqumli kasalliklar shifoxonalariga ko‘chirildi. Ushbu shifoxonada ham yuqori malakaga ega bo‘lgan akusher-ginekologlar, reanimatologlar, neonatologlar ishlashadi hamda muassasa barcha kerakli moddiy-texnika bazasi bilan ta’minlangan.