Yurtni tavof qilgani keldim

Havo layneri ko‘kka parvoz qildi. Illyuminatordan atrofga qarab ketayotgan Yakub Qo‘yunlini faqat bir narsa qiynaydi. Bu ham bo‘lsa hijronli yurt sog‘inchi...
Afg‘oniston, Arabiston, Eron, Turkiya... qancha yurtlarni kezdi. Yashadi. Begona tillarda, begona lahjalarda so‘zlashdi. Sarson-u sargardonlikda huzur-halovat topmadi. O‘z yurtichalik mehrni, g‘ururni his qilmadi. Boshi egik, xuddi tutqunlardek...
To‘g‘ri, o‘zga yurtda uylandi. Bola-chaqa orttirdi. Ammo, o‘z Vatanidek bo‘lmadi, bo‘lolmadi. Baxt topmadi. Vijdoni, qalbi, g‘ururi, ruhiyati erkin emas. Xuddi hammasi soxta, yasamadek. Nima qilmoq kerak ?... Yosh, kuch-g‘ayratli va bilimli edi. Hayoti, umri mazmunsiz, besamar o‘tmoqda. Shularni o‘z yurti uchun sarflaganida edi..
Mana, sakkiz oydirki, Germaniyada yashamoqda. Muhojirlar ichida turkistonlik o‘zbeklar ko‘p. Ular ota-bobolaridan qolgan sharqona urf-odat, odob-axloq, ilmu-urfon, qoida-yu, amal, so‘zlashuv sharhi, lutfu-karam, ma’rifiy va ma’naviy his-tuyg‘ular, ichki madaniyatni hozirga qadar ham hurmat bilan saqlab kelmoqdalar. Bu ham o‘z ota-bobolari yurtiga nisbatan hamon intilish tuyg‘usidir.
Sharqona tarzda qurilgan keng hovli sahnida ikki tup tok ishkomi bor. Buni shu yerda yashagan muhojir qaysidir bir yili delegatsiya tarkibida O‘zbekistonga borganida novdasidan olib kelib ekkan ekan. Undan yangi-yangi novdalar kesib olinib, shu paytgacha avaylab parvarish qilinib kelinmoqda.
Otasi Ahmad Qo‘yunli juda ma’rifatparvar, ziyoli inson edi. Buxoroi sharifda tahsil olgan. Ilmu-urfonni o‘rgangan. Keyinchalik qatag‘on yillari boshlangach, chet elga qochib o‘tishga majbur bo‘lgan. Oqil bu inson qachonlardir yurtga Ozodlik va Istiqlol kirib kelishini, el boshiga oftob chiqishini o‘zga yurtda bo‘lsa-da hamisha intiq bo‘lib kutgan.
Mana, uzoq yillardan so‘ng o‘sha orzu-yu, armonlar ushalib ro‘yobga chiqdi. Bugun yurti, eli ozod. Samolyot hamon ko‘kda parvoz qilmoqda. Ana baland-baland tog‘lar, keng yassi yam-yashil tekisliklar, bir-biriga tutashib ketgan, shaharu-qishloqlar ko‘zga tashlanayotir. Aslida Vatan shudir!
Ahmad Qo‘yunlining avlodi-zurriyodi bugun o‘z ota yurti tomon ilk parvoz qilayotir. Xudo nasib etsa, bu o‘lkada uni e’zozlab, sog‘inch bilan kutib oluvchilar ko‘p. O‘zbek halqi naqadar saxiy, bag‘ri keng, mehmondo‘st... Ammo Yakub bu yerga aslida mehmon sifatida emas, sog‘inch hissi bilan butunlay yashash uchun kelmoqda.
Bir nafas ko‘z oldida o‘tmish xotiralar jonlandi. Xuddi kechagidek... Yosh bola edi. Mana shu zaminning, shu aziz tuproqning qaysidir joyida tug‘ildi. Bu Samarqand shahri atrofida. Elas-elas eslaydi. Erta bahorda qiru-adirlar bag‘rida o‘rtoqlari bilan shudring oralab chopib-chopqillab o‘ynardi. Kapalaklar tutardi, Zilol suvlaridan to‘yib-to‘yib,qonib-qonib simirardi. Qani-o‘sha damlarni, qadrdon yoru-do‘stlarini yana qayta topsa?!..
Firoq, yurt sog‘inchi, ayriliq, hijron... Naqadar og‘riqli naqadar qiynoqli...
Styuardessa qiz mayin va yoqimli, chiroyli jarangdor ovozda samolyot qo‘nishga tayyorlanayotganini e’lon qildi. Layner ohista yerga qo‘na boshladi. Trapdan tushib Ona-zaminga ilk bora qadam qo‘yar ekan, kuchli hayajon va quvonchdan yuragi hapqirib titrab ketdi. Mijjalaridan beixtiyor yosh quyildi.
- Ey, Ona yurtim! Mana, yana bag‘ringga qaytib keldim... U tiz cho‘kkan ko‘yi yerni quchib o‘pgancha qayta-qayta tavof qilardi...
Ashurbek PO‘LATOV.