Yuz bilan yuzlashgan muallim

Urgut tumanining Ispanza mahallasida yuz yoshni qarshilagan tabarruk inson Bo‘ron Gadoyev istiqomat qiladi.

- 1925 yil avgustda dehqon oilasida tug‘ildim, - deydi ustoz. – 1940 yilda yetti yillik maktabni tugatib, Lakkon guzarida xotin-qizlarni o‘qitdim, ularga xat-savodini chiqarishda yordam berdim. Ammo 1941 yilda boshlangan Ikkinchi jahon urushi tinch hayotimizni ostin-ustun qilib yubordi. 1942 yil o‘n yetti yoshimda Vatan himoyasiga safarbar etildim. Dastlab Rossiyaning Penza shahrida uch oylik, keyin Ulyanovskda olti oylik harbiy tayyorgarlik o‘quvida qatnashdim. Minalardan tozalovchi mutaxassisligi bo‘yicha o‘qitib, kichik serjant unvonini berishdi. Belorussiya frontiga jo‘natishgach, 91-diviziya safida fashistlarga qarshi janglarga safarbar etildik. Vazifamiz hujum qilib borayotgan armiyamizni dushman ko‘mib ketgan minalardan himoya qilish edi. Shu tariqa Estoniya, Latviya, Litva, Sharqiy Prussiya va Polshani gitlerchi fashistlardan tozalashga hissa qo‘shdik. Janglardan birida qattiq yarador bo‘ldim. Gospitalda davolanib, yana quroldoshlar safiga qaytdim. G‘alaba kunini Sharqiy Prussiyada kutib oldik. Shundan so‘ng batalonimiz Stalingradga, dushmanning portlamay qolib ketgan mina va bombalarini tozalashga jo‘natildi. Bu shahardagi vazifamizni bajarib bo‘lgach, Belorussiyaga yuborildik.

Urush yillarida boshimdan kechirgan voqealarni, halok bo‘lgan, mayib-majruh bo‘lib qolgan quroldosh do‘stlarimni eslasam, haliyam yuragim junjikib ketadi. Ilohim, endi farzandlarimiz unaqa kunlarni ko‘rmasin, dunyoda hamisha tinchlik bo‘lsin.

Muallim bo‘lganim bois 1946 yilda harbiy xizmatdan ozod etildim. Vatanga qaytib, tumanimizdagi Shitob qishlog‘ida o‘qituvchilik qila boshladim. 1947 yil fevral oyida Samarqand pedagogika bilim yurtiga o‘qishga kirdim. Keyin qishlog‘imizdagi 7-maktabda besh yil boshlang‘ich sinflarga dars berdim. 1953-1959 yillarda Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat universitetining geografiya fakultetida o‘qidim. Oliy ma’lumotga ega bo‘lgach, 6-o‘rta maktabda geografiya fanidan saboq bera bosh­ladim. O‘sha yillar maktabimiz Urgut tumanining yetakchi ta’lim muassasalaridan biri sanalardi. Maktabga 10-20 kilometr naridagi Beshkapa, Mo‘minobod, To‘rtko‘l, G‘o‘s qishloqlaridan yoshlar kelib, ta’lim olardi. Ayrim o‘quvchilar ijarada yashab bo‘lsa-da, bilim egallashga tirishardi. Maktabning elektr stansiyasi, yuk avtomobili, traktori, ustaxonasi, hatto kattagina issiqxonasi ham mavjud edi. O‘quvchilar maktabda kasb o‘rganib, haydovchilik, traktorchilik, tokarlik, duradgorlik bo‘yicha guvohnoma olishi mumkin edi. Malakali ustoz-murabbiylar Urgut va Samarqand shahridan kelib, bilimga chanqoq yoshlarga astoydil saboq berardi.

Shu tariqa 6-o‘rta maktabda 20 yil ishladim. Avval oddiy o‘qituvchi, keyin ilmiy bo‘lim mudiri, maktab direktorining o‘rinbosari vazifalarida faoliyat ko‘rsatdim.

O‘tgan asrning 70-yillari oxirida qo‘shni Lakkon guzaridagi 66-sakkiz yillik maktabda direktorlik qildim. Maktab eski masjid o‘rnidagi ko‘rimsizgina binoda joylashgan bo‘lib, uni bino deb ham atab bo‘lmasdi. Direktorlikka tayinlangach, maktab uchun yangi bir bino tiklash maqsadini ko‘zladim. Hashar uyushtirib, paxsadan devor tikladik. Xo‘jalik yordamida bino tomini yopdik. Ota-onalar ko‘magida binoni epaqaga keltirgach, tuman xalq ta’limi bo‘limi jihozlar bilan ta’minladi. Sakkiz yillik maktabni o‘n yillikka aylantirdik. Pensiyaga chiqqunimga qadar shu maktabga ham o‘qituvchilik, ham direktorlik qildim.

Bugun bu bilim dargohining yangi binolarini ko‘rgan kishining havasi keladi. Biz ishlagan davrning mashaqqatlarini eslasam, xalq ta’limiga bo‘lgan bugungi munosabatni ko‘rib, yuragim quvonch va g‘ururga to‘ladi.

Hozirda mahalla va tuman rahbarlari bayramlar, yaxshi kunlar munosabati bilan Bo‘ron boboning holidan xabar olib turishadi.

Biz ham tabarruk ustozni bugungi ulug‘ bayram bilan chin dildan qutlab, muborakbod etamiz!

Xudoyberdi KOMILOV.