Yuzdagi dog‘lar ichki kasalliklardan darak beradi
Ko‘zgu qarshisida turib, yuzingizga diqqat qiling: rangi tiniqmi, husnbuzar yoki toshma bo‘lsa, kattaligi, holati va miqdori qancha? Dog‘ni ko‘rsangiz uning o‘lchami va yuzning qaysi qismida joylashganiga qarang.
Ishonish qiyinu, lekin yuzning har bir qismidagi kamchilik ichki a’zolarning u yoki bu turi bilan bog‘langan bo‘ladi. Masalan, oshqozon-ichaklarda muammo bo‘lsa, yuz yonoqlarining o‘rta qismida husnbuzar paydo bo‘ladi. Bezovtalik surunkali tus olib, xastalikka aylansa, dog‘ paydo bo‘lishi mumkin. Yuz tuzilish, holati va ko‘rinishiga qarab tashxis qo‘yish tibbiyotda ommalashgan usullardan biri. Zero, yuz sohasiga dog‘ tushishi, husnbuzar yoki toshma chiqishi o‘z-o‘zidan sodir bo‘lmaydi. Odatda mazkur holat bir qator omillar bilan taxmin qilinadi.
Jumladan:
- gormonal balans muvozanati o‘zgarishi (ko‘pincha homilador ayollarda, yuz, bo‘yin va qorin sohasiga dog‘ tushishi bilan kuzatiladi);
- peshob ajratish yo‘li hamda jigardagi o‘zgarishlardagi teri pigmentatsiyasi (qo‘l kafti yuzasidagi mayda dog‘lar, yuz yonoqlariga yoyilgani);
- qalqonsimon bez faoliyatidagi o‘zgarishlar, siydik qopi yallig‘lanishi, avitaminoz ham dog‘ yuzaga keltirishi mumkin (peshona ikki chakkasi, qo‘l kafti yoki oyoqdagi dog‘);
- quyoshda uzoq vaqt toblanish melanin sintezini faollashtiradi. Bu esa asosan yuzda dog‘ paydo bo‘lishiga olib keladi (yonoq, burun atrofidagi dog‘, kurakdagi mayda sepkil);
- stress va asabiylik. Ma’lumotlarga ko‘ra asabiy kishilarda dog‘ paydo bo‘lishi ko‘proq kuzatiladi (bo‘yin sohasi, quloq atrofida yuzaga kelgan dog‘lar);
- tashqi muhit ta’siri, ish faoliyati kimyoviy moddalar bilan bog‘liq bo‘lsa, noto‘g‘ri tanlangan pardoz vositalari, o‘rinsiz bajarilgan kosmetik muolajalar ham dog‘ tushishiga olib keladi.
Bu haqda Respublika ixtisoslashtirilgan dermatologiya va kosmetologiya ilmiy amaliy tibbiyot markazi bo‘lim mudiri, tibbiyot fanlari doktori, professor Shahnoza Mavlonova ma’lumot berdi.