Yuzingiz yorug‘mi, hamkasblar?
Yaqinda kasb bayramimizni o‘tkazdik. Bayramda ko‘nglimdan turli o‘ylar kechdi: o‘tgan yilgi bayramdan bu bayramgacha nima yozdim, qaysi masalani ko‘tarib chiqdim, xalqqa, jamiyatga nafim tegdimi?
Shu savollarga vijdonimiz qiynalmay javob bera olsak, demak soha vakili sifatida kasb bayramini nishonlasak, yarashadi. Aksincha bo‘lsa, o‘zimiz uchun ham, boshqalar uchun ham bu kunning boshqa kunlardan farqi qolmaydi.
Keyingi paytda aholida ommaviy axborot vositalari xodimlari, jurnalist va blogerlar faqat tanqid yozishi kerak, jamiyatdagi illatlarni ko‘tarib chiqishi lozim, degan qarash shakllandi. Hamkasblarimiz orasida ham shunday fikrlovchilar ko‘paydi. Bir tomonlama qaraganda bu fikr to‘g‘ridek. Lekin jurnalist yoki blogerning vazifasi faqat tanqid yozib, kamchiliklarni «ochib tashlash»dan iborat emasku. Afsuski, bugun ko‘p ommaviy axborot vositalari ana shu mezon asosida ishlayotgandek, nazarimda.
Jurnalist tanqid yozsa, u yaxshi xodim. Bloger tanqid qilib tursa, u jasoratli bloger. Gazeta, radio, sayt va ijtimoiy tarmoqlar, gazetalarda qaysidir tashkilot yoki rahbar «urilsa» bu yaxshi ommaviy axborot vositasi. Yo‘q, bu noto‘g‘ri qarash. Tanqid qilgan emas, tahlil qilgan, muammoning yuzaga kelish sababi va uning oqibatini ochib bergan jurnalist eng mahoratli, buni yoritgan OAV jamiyatning haqiqiy ko‘zgusi.
Shuning uchun sana munosabati bilan davlatimiz rahbarining bizga yo‘llagan tabrigida ayrim jurnalist va blogerlarimizda bilim hamda professional malaka, bahs madaniyati yetishmayotganligi qayd etilganini har birimiz o‘z faoliyatimiz misolida tahlil qilib, bundan xulosa chiqarishimiz zarur. O‘z navbatida, jurnalistikaning o‘zgarmas talab va mezonlariga, xususan, xolislik va haqqoniylikka amal qilishimiz shart.
Ko‘ryapmizku, noxolis tanqid, asoslanmagan ma’lumotning «umri uzoq» emas. Ba’zilar bunday materiallarga o‘ch bo‘lsa-da ko‘pchilik buni xushlamasligi ham haqiqat. Hamma davr va zamonlarda to‘g‘ri so‘z, aniq ma’lumotning qadri baland bo‘lgan. Bugun har kim zamonaviy informatsion vositalar, ijtimoiy tarmoqlar orqali axborot tarqatayotgan, o‘z fikri, qarashlarini bildirayotgan paytda bu har qachongidan ham muhim va qadrli. Ana shunday paytda jurnalistlar, ommaviy axborot vositalari xodimlari xalqning dilidagi, «tilining uchida turgan» gaplarni gapirsak, yozsak, dardlariga darmon bo‘lsak, kasb bayramini yorug‘ yuz bilan nishonlasak arziydi. Har bir hamkasbimizga jamiyat, davlat, xalq oldida yuzi yorug‘ bo‘lishini tilayman!
F.Toshev.