Zahiriddin Muhammad Bobur adabiy merosi xalqaro miqyosda muhokama etildi

Bugun Samarqand davlat universitetida “Zahiriddin Muhammad Bobur adabiy merosining jahon adabiyotida tutgan o‘rni va ahamiyati”  mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman tashkil etildi.

Anjumanda mahalliy olimlar hamda Misr, Turkiya, Hindiston, Pokiston, Tojikiston, Qirg‘iziston kabi davlatlarning professor-olimlari Zahiriddin Muhammad Boburning adabiy merosi haqida fikrlar bildirdi.

Tadbirda qatnashchilar havola etgan ilmiy tadqiqotlar asosida Zahiriddin Muhammad Bobur adabiy merosining jahon adabiyotida tutgan o‘rni va ahamiyati xususida ilmiy-nazariy xulosalar jamlandi. Jumladan, “Boburnoma” nashrlari, Boburning yangi topilgan “Taqti’” risolasi , Boburshoh va boburiylar davrini aks ettirgan turk adiblarining tazkiralari, uning geografik merosi xususida qator ilmiy-nazariy maqolalar ilm-fanga taqdim etildi.

Anjuman yalpi majlisdan so‘ng Zahiriddin Muhammad Boburning jahonda tutgan o‘rni, ijodi, etnografiya, davlatchilik va huquq masalalariga doir qarashlari yetti sho‘bada davom etdi. Ilmiy-amaliy anjumanda saksonga yaqin olimlar o‘zlarining ilmiy maqolalari bilan ishtirok etdi.

Tadbirda Zahiriddin Muhammad Boburning ilmiy merosini yanada keng o‘rganish haqida takliflar berildi.