Zamonaviy gadjetlar bolalarga qanday ta’sir qiladi?
Hayotning barcha jabhalarida texnologiya kirib borgan zamonaviy dunyoda, texnologiyalardan voz kechish juda mushkul, shu jumladan bolalarda ham. Hayotining erta yoshidan boshlab ular ota-onalari telefon, planshet va kompyuterlardan ish va dam olish maqsadida qanday foydalanayotganlarini kuzatib boradi.
Shuni yodda tutish kerakki, bolalar uchun eng muhimi – bu kattalarni ularga namuna bo‘lishidir, — deydi Samarqand davlat tibbiyot universiteti pediatriya kafedrasi assistentlari Dilbar Islamova hamda Maqsuda Ashurova. — Agar siz bolangizni gadjetlarni normada va foydali maqsadda qabul qilishini xohlasangiz, demak, siz buni o‘zingizni malakangiz bilan ko‘rsatib berishingiz kerak. Agar siz bolangiz kechki payt va tuni bilan internetda o‘tirishini xohlamasangiz, unda o‘zingiz ham bu ishni qilmang!
Ko‘rish qobiliyatiga va qomatga ta’sir qilishi bilan bir qatorda, ulardan haddan tashqari ko‘p foydalanish erta yoshda rivojlanishdan orqada qolishga olib keladi. Bolada katta va kichik motorika, nutq ham rivojlanmaydi. Kontentdan va telefondan foydalanish vaqti nazorat qilinmasa, o‘zining tengdoshlari bilan muloqot qilish va boshqa kundalik faoliyat bilan shug‘ullanishda: qanday yarashib olish, o‘zini fikrida qolish, o‘zini nuqtai nazarini isbotlash yoki aksincha, ba’zi bir masalalarda chekinishda muammolar tug‘ilishi mumkin.
Bola uchun asosiy muammo, bu tabiiy hayotiy muloqotni texnika bilan almashinib qolishi hamda kunning asosiy qismini u bilan o‘tkazishidir.
Butun Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining (JSST) 2019 yilda nashr etilgan tavsiyasiga ko‘ra, 1 yoshgacha bo‘lgan bolalar ekran qarshisida o‘tirishlari kerak emas. 1 yoshdan 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar maksimal 60 daqiqa gadjetlardan foylanishi mumkin. Biroq, qancha kam bo‘lsa shuncha yaxshi. JSST mutaxassislari kichik yoshdagi bolalarni ekran qarshisida o‘tkazadigan vaqtini faol o‘yinlar bilan almashtirish kerakligi maslahat beradi.
Gadjetlardan foydalanishga yo‘l qo‘ymaslikdan hech qanday naf yo‘q, bu ota-onalariga nisbatan bolalarni norozoligi va qarshiligiga sabab bo‘ladi, bu munosobatalarni buzilishiga hamda gadjetlardan yashirin tarzda, masalan, ko‘chalarda va o‘rtoqlarinikida foydalanishga olib kelishi mumkin. Ekran qarshisida o‘tkaziladigan vaqtni qisqartirish, tanaffuslar berish, gadjetlardan to‘liq cheklash vaqtlarini belgilash, masalan, ovqatlanish paytida hamda, ko‘rayotgan narsasi yoshiga mos kelishini va ta’lim jihatidan foydali ekanligini nazorat qilish tavsiya etiladi.
Shuni yodda tutish kerakki, bolalar tashqi muhit bilan o‘zaro muloqotga, jismoniy faollikka ehtiyoj sezadi. Shuning uchun, gadjetlardan foydalanish boshqa faoliyatlari bilan, masalan, kitob o‘qish, sport bilan shug‘ullanish, toza havodagi o‘yinlar va oila a’zolari hamda do‘stlari bilan muloqotda bo‘lish bilan mutanosiblashtirilgan bo‘lishi kerak.
Gadjetlar yomonligini haqida gapirish, ularni yig‘ib olish yoki taqiqlab qo‘yish maqsadga muvofiq bo‘lmaydi, chegaralash va uning o‘rniga boshqa narsani taklif qilish, masalan, faol o‘yinlar yoki biror bir yutuqlari uchun uni oldindan rag‘batlantirish natija berishi mumkin.
Uzoq vaqt davomida bir xil holatda turish yoki boshini egib o‘tirishi, umurtqa pog‘onasining patologiyasiga olib keladi. Bu umurtqa pog‘onasiga haddan ziyod zo‘riqish berish (o‘tirgan holatda u 40 foiz yuqori) bilan xarakterlanadi va skolioz, kifoz yoki lordoz – umurtqa pog‘onasining qiyshayishiga olib keladi.
Ekrandagi tasvirlar notabiiy darajada yorqin va yassi bo‘ladi, bu ko‘z akkomodatsiyasini – jismlarni turli masofadan ko‘ra olish va ularni masofasini baholashni qiyinlashtiradi va buzilishga olib keladi. Buning natijasida ko‘zlarda qurish, achishish, sanchilish va bosh og‘riqlari paydo bo‘ladi. Oqibatda uzoq vaqt davomida ko‘zlarning zo‘riqishi miopiyaga va ko‘rish nervining zo‘riqishiga olib keladi.