Zamonaviy latifa yoki qayerda 59 ming so‘m to‘lash uchun 60 ming so‘m xarajat qilinadi?
Qo‘shrabot tumanining Urganji, Yangiqishloq, Oqchopsoy va unga tutash hududlarda “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi viloyat kengashi raisi Akbar Axtamov va Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Bekmirza Eshmirzayevlarning sayyor qabuli davomida aholi tomonidan bir qancha muammolar o‘rtaga tashlandi.
Rost, muammolarning ayrimlari mutasaddi tashkilotlar vakillari orqali joyida hal etilgan bo‘lsa, ayrimlari bugungi kun uchun anchayin og‘riqli masalalar ekanligiga guvoh bo‘ldik.
Jumladan, ushbu hudud fuqarolari kommunal to‘lovlar, aytaylik, elektr energiyasiga to‘lov qilish uchun bir oylik kommunal to‘lov summasidan ortiqroq xarajat qilib, tuman markaziga qatnar ekan. Tabiiyki, aholi bu noqulaylik va ortiqcha xarajatlar tug‘dirayotganligi yuzasidan murojaat qildi.
Shu o‘rinda, hozirgi paytda zamonaviy onlayn to‘lovlarni amalga oshirish imkoniyati mavjudku, degan xaqli e’tiroz bo‘lishi mumkin. Lekin onlayn to‘lovni amalga oshirish uchun sifatli xizmat ko‘rsatilishi zarur. Ammo bu hududlarda internet tugul risoladagidek aloqa xizmati ham yo‘lga qo‘yilmagan (telefon qilish uchun tomga chiqish xolatlari mana shu hududlarga xos).
Boshqacha aytganda, bir sohadagi kamchilik boshqa muammoga sabab bo‘lmoqda. Rost, OAVda Qo‘shrabotda zamonaviy aloqa xizmatini yo‘lga qo‘yish, tog‘li hududda ham internetga ulanish imkoniyatlarini ta’minlash haqida ko‘p va xo‘p yozildi. Ammo muammo hamon muammoligicha qolmoqda.
Shunga qaramay, odamlarga qulaylik yaratish uchun imkoniyat bor. Deylik, ushbu hududlarga bankomat o‘rnatilsa, kommunal kassa ish boshlasa, odamlar bugungi kunidan rozi bo‘lisharmidi?!
Mutasaddi tashkilotlar ushbu muammolarga e’tibor qaratishadi va ular tezda o‘z yechimini topadi, degan umiddamiz.
Jamshid XUShVAQTOV,
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi viloyat kengashi bosh mutaxassisi.