Zamonaviy oqova tizimi bir kunda 140 ming kub oqova suvni tozalaydi

Samarqand shahar oqova suvlarini modernizatsiya qilish loyihasi Jahon banki tomonidan moliyalashtirilgan. Inshoot 100 yillik tajribaga ega, dunyoning 70 dan ortiq mamlakatlarida muvaffaqiyatli faoliyat olib borgan Fransiyaning “SADE” kompaniyasi tomonidan rekonstruksiya qilindi. Yangidan qurib ishga tushirilgan 5 ta oqova suv nasos stansiyalari 80 mingdan ziyod aholiga xizmat ko‘rsatyapti.

Ushbu loyiha natijalari bilan tanishish maqsadida soha mutasaddilari, mutaxassislar va ommaviy axborot vositalari xodimlari Samarqand tumani Zaxlik qishlog‘ida joylashgan suv tozalash inshootida bo‘ldi.

- Bu oqova tarmog‘i 1965 yilda qurilgan. O‘z-o‘zidan tushunarli, uni butunlay qayta qurish lozim edi, - deydi “SADE” kompaniyasi vakili, loyiha kordinatori Jahongir Qodirov. - Qurilish-montaj ishlarini shu yil sentyabrning oxirida tugatdik. Bu yerda zamonaviy skada tizimini joriy qildik. Tozalash jarayoni olti bosqichda amalga oshirilib, suv taqsimoti kamera orqali bajariladi. U bir xil balansda suvni taqsimlaydi. Xodimlar faqat texnik ko‘riklarni o‘tkazadi. Bu esa ish kuchi, vaqt va mablag‘ni tejaydi, ish aniq va sifatli amalga oshiriladi. Endi barcha texnologik jarayonlarni kuzatib tahlil qilish mumkin.

Ushbu loyiha qiymati 12,5 million dollarni tashkil etib, yuqori malakali mutaxassislar tomonidan Yevropa mamlakatlarida ishlab chiqarilgan eng zamonaviy texnologiyalar asosida rekonstruksiya qilindi. Loyihaning yana bir yutug‘i viloyatimizda suv tanqisligi muammosini bartaraf etishda ham qo‘l kelmoqda. Inshootda bir kunda 140 ming kub oqova suv tozalanib, Zarafshon daryosiga quyiladi. Tozalangan suvlardan qishloq xo‘jaligida, sanoat, iqtisodiyotning boshqa qator sohalarida ham foydalanish mumkin.

Hozirda barcha texnologik ishlar tugatilgan. Bugun hududda 10 mingga yaqin manzarali ko‘chatlar o‘tqazilib, obodonlashtirish ishlari bajarilyapti.