«Zarafshon» milliy tabiat bog‘ida ekoturizm: Sayr, davolanish, sport

- Zarafshon daryosi sohillari bo‘ylab 47 kilometrga cho‘zilgan bu tabiat go‘shasi yetti hududga bo‘lingan. Milliy tabiat bog‘idagi bahaybat turangazorlar, chakanda, malinxula, yovvoyi do‘lana va quyuq to‘qayzor boshqa hududda aynan uchramaydi, - deydi milliy tabiat bog‘i inspektori Baxtiyor Rajabov. – Ekoturizmni rivojlantirishning o‘n yillik dasturiga asosan, turistik xizmat ko‘rsatish tizimini ishlab chiqdik. Dastlabki bosqichda uchta hudud sayyohlarni qabul qiladigan maskan sifatida tanlab olindi. Ular uchun yayov yurish, mashinada aylanish, velosipedda sayr qilish, otda yurish marshrutlari bo‘yicha xizmat ko‘rsatiladi.

Bog‘ning birinchi bo‘limi, ya’ni 4 kilometr qismi yayov yuradigan manzil sifatida belgilandi. Marshrut kirish darvozasidan boshlab turangazor ichidan Zarafshon daryosigacha olib boradi. Shu jarayonda Buxoro bug‘ulari va Zarafshon tillarang qirg‘ovuli parvarishxonasi, ko‘chatchilik tajriba maydonlariga borish imkoni mavjud. Mashina, velosiped va otda yurish marshrutlari bo‘lim nozirlari hamrohligida tashkil etiladi.

Bu yo‘nalishlar birinchi bo‘limdan boshlanib uchinchi bo‘limda yakuniga yetadi. Bog‘ning 10 kilometrga teng ana shu qismida sayyohlar milliy bog‘ tabiatining bor go‘zalligi, o‘simlik va hayvonot dunyosi bilan yaqindan tanishishlari mumkin.

Hududga qarashli 15 gektar maydonda yovvoyi hayvon turlarini parvarish qiladigan maxsus volerlar qurish ham rejalashtirilgan. Uchta hudud ajratilib, 2 tadan Afrika tuyaqushi, jayron va tuya keltirib boqish uchun sharoit yaratilmoqda.

Ha, azaldan insonlarda uchraydigan ayrim kasalliklarni davolash uchun tabiat qo‘yni va tabiiy darmondorilarga boy hudud tanlangan. Mutaxassislarning aytishicha, 10 gektar maydonda quriladigan tibbiy markazda bemorlarni tabiiy muolaja yordamida davolash yo‘lga qo‘yilar ekan.

Ochiq maydonda to‘p va chavgon o‘ynashni istovchilar ko‘kalamzorlashtirilgan 5 gektar maydonda sport bilan shug‘ullanishlari mumkin bo‘ladi. Atrofni kuzatish uchun tiklangan 10 metrlik 2 ta temir minora shovullab oqayotgan daryo va milliy bog‘ hududini yaxlit ko‘rish, tasavvur etish imkonini yaratishi bilan ham ahamiyatlidir.

Yo‘l atrofi maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, kichik mehmonxona qurish mo‘ljallangan. Bunday mehmonxonalar tabiatdan uzilib qolmaydi, albatta. Har bir inshootning me’moriy yechimi bog‘ning bir bo‘lagini eslatishi kerak. Aytaylik, mehmonxona ichida mayda hayvonlardan iborat jonli burchak tashkil etiladi. Masalan, «tabiat maneji»ni yaratib, toshbaqa, tipratikan, jayron, quyon, kabutar kabi mayda jonivorlarni parvarish qilish mumkin. Kelgan mehmon ularni oziqlantirishi uchun sharoit yaratiladi. Bu tabiat bilan jonli muloqot qilish, suratga tushish, xullas, vaqtning mazmunli o‘tishini ta’minlaydi.

Adham HAYITOV,

Sherzod ISOQULOV.

Maqolaning to‘liq matnini “Zarafshon” gazetasining 64-sonida o‘qing!