Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

«Zarafshon» mushoirasi: Xush kelding, Bahor!

Qishning qirovidan toliqib ruhim,

Sho‘x-shodon nasmingga bo‘ldim intizor.

Ko‘z yorgan kurtakda sening shukuhing,

Sog‘inib kutganim, xush kelding Bahor!

 

Ariqlar labida hapqirib, toshib

Unib chiqar xushbo‘y yalpizlar takror.

Kundan-kun chiroying ochilib, oshib

Sog‘inib, kutganim, xush kelding Bahor!

 

Binafsha, boychechak yulduzdek yonib,

Nastarin gullari taratar ifor.

Har kulgan chechakka boqay quvonib,

Sog‘inib kutganim, xush kelding Bahor!

 

Sen kelsang bolalik tushar yodimga,

Quchog‘inga yana va yana qaytgum bor.

Gullar sochadursan har bir odimga,

Sog‘inib kutganim, xush kelding Bahor!

 

Sayri bog‘ aylasam bo‘lib adoying,

Yuragimda qolmas zarracha g‘ubor.

Sening xushtoringman, sening shaydoying,

Sog‘inib kutganim, xush kelding Bahor!

 

Tashrifing yoshimga yosh qo‘shib borar,

Mayli yog‘aversin sochlarimga qor.

Dilga umid solib, tilga istixfor,

Sog‘inib kutganim, xush kelding Bahor!

Ismat YO‘LDOShEV.