Zarafshon vohasi jurnalistlari tajriba almashdi
Xabar qilganimizdek, Samarqandda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 32 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan munosabati bilan “Yangi O‘zbekiston armiyasi — mamlakat qudrati, yuksak g‘urur va sadoqat timsolidir!” mavzuida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi, viloyat hokimligi va Markaziy harbiy okrug hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Samarqand, Navoiy va Jizzax viloyatlari ommaviy axborot vositalari vakillari, jurnalist va blogerlar ishtirok etdi.
– Asosiy maqsad – ayni kunlarda yurtimizda o‘tkazilayotgan Vatanparlik oyligi tadbirlarini yoritishda hamkasblarimiz mas’uliyatini, tajriba va malakasini oshirish, shuningdek, harbiylar hayoti bilan tanishishdir, – deydi O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi Xolmurod Salimov. – Tadbirga uch viloyatdan ham asosan yosh jurnalistlar, blogerlarni taklif qilganmiz. Ular bugun bir-birlari bilan tajriba almashmoqda, harbiylar hayoti, mashg‘ulotlarini kuzatmoqda.
Dastlab ishtirokchilar O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining Kichik mutaxassislar tayyorlash markazida bo‘lib, bu yerdagi mashg‘ulotlar jarayonlari, harbiy xizmatchilar hayoti bilan yaqindan tanishdi.
Markaz rahbari, polkovnik Anvar Jabborov ijodkorlarga yurtimizda yagona bo‘lgan kichik mutaxassislar tayyorlash markazi faoliyati, bu yerda bilim va malakasini oshirayotgan tinglovchilar uchun yaratilgan shart-sharoit va imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumot berdi. Shu kunlarda o‘tkazilayotgan harbiy vatanparvarlik oyligi doirasidagi tadbirlarga to‘xtaldi.
– Markazda mamlakatimiz Qurolli Kuchlarida xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilar bir oydan uch oylikkacha bo‘lgan kurslarda o‘qib, malaka oshiradi, – deydi A.Jabborov. – Ular har ikki yilda kelib, mashg‘ulotlarda qatnashadi. Bu davrda ular qaysi harbiy qism yoki bo‘linmada ishlayotgan bo‘lsa, vazifasi va oylik ish haqi saqlab qolinadi. Markazda bir necha mutaxassislik bo‘yicha qisqa kurslarda dars va amaliy mashg‘ulotlar o‘tiladi. O‘quv jarayonlari zamonaviy texnika va texnologiyalar asosida olib boriladi, shuningdek, tinglovchilarning jangovar, ruhiy-ma’naviy tayyorgarligi oshiriladi.
Tadbir qatnashchilari markaz o‘quv binolari, ma’naviyat va ma’rifat maskani, yotoqxona va oshxonada bo‘lib, harbiylar turmush tarziga bevosita guvoh bo‘ldi. Shu kunlarda davom etayotgan ochiq eshiklar kuni doirasida markaz hovlisida namoyish etilayotgan harbiy texnika va qurol-aslaha ko‘rgazmasigni tomosha qildi. Shuningdek, harbiy xizmatchilar tomonidan ko‘rgazmali chiqishlar namoyish etildi.
Shundan so‘ng Markaziy harbiy okrug madaniyat va ma’rifat markazida ijodkorlar va harbiylar uchrashuvi o‘tkazildi.
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi va Samarqand viloyati hokimligi rahbarlari, Mudofa vazirligi huzuridagi jamoatchilik kengashi a’zolari va samarqandlik ijodkorlar harbiy xizmatchilar va askarlarni O‘zbekiston Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 32 yilligi bilan tabrikladi. Milliy armiyamiz salohiyatini oshirish, zamonaviy texnika va qurol-aslahalar bilan ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarga e’tibor qaratildi. Harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari davlatimiz tomonidan har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotgani e’tirof etildi. Uchrashuvda harbiylar sha’niga samimiy dil so‘zlari aytildi, she’rlar o‘qildi.
Ma’naviy-ma’rifiy tadbir doirasida Zarafshon vohasi jurnalistlari milliy matbuotimiz asoschilaridan biri, ulug‘ ma’rifatparvar Mahmudxo‘ja Behbudiy uy-muzeyida ham bo‘ldi.
Davlatimiz rahbarining jadid bobolarimiz ma’naviy merosini o‘rganish va keng targ‘ib etishga qaratilgan alohida e’tibori natijasida tashkil etilgan mazkur ma’naviyat maskanida Behbudiy hayoti va faoliyati, u yashagan davr tarixiga oid noyob eksponat va ashyolar, tarixiy asarlar saqlanmoqda.
Buyuk ma’rifatparvar nomi bilan atalgan mazkur uy-muzeyda Oliy Majlis Senati a’zosi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Farmon Toshev, Mahmudxo‘ja Behbudiyning evarasi Shohruh Behbudiy hamda uy-muzey mas’ullari mehmonlarga buyuk ma’rifatparvar merosi va bu yerda saqlanayotgan ashyolar to‘g‘risida qimmatli ma’lumotlar berdi.
- Butun umrini, hayotini ma’rifatga, maorifga bag‘ishlagan shunday buyuk inson shajarasi davomchisi ekanimdan hamisha qalbimda juda katta faxr, iftixor tuyaman, - deydi Sh.Behbudiy. - Avvalo, Samarqand shahrida bobomizning uy-muzey ochilgani ulug‘ alloma, jadidchilik harakatining yetuk namoyandasi xotirasiga bo‘lgan yuksak ehtirom namunasidir.
Bobomiz hayotini ma’rifatga bag‘ishladi, bir umr shu maqsad bilan yashadi. Xalqni turli ma’raka-marosimlardan voz kechib, farzandlarini o‘qitishga chorladi. Ularga til o‘rgatish, zamonaviy ilmlardan saboq berishni ertangi yorug‘ kelajak bilan bog‘ladi. Gazeta-jurnal nashr etib, xalqni uyg‘onishga chorladi. Teatr ibratxonadir, degan da’vat bilan ilmsizlik qanday oqibatlarga olib kelishini “Padarkush”da ko‘rsatib berdi.
Darvoqe, bugun uch viloyat ommaviy axborot vositalari, gazeta tahririyatlaridan press-tur doirasida bobomning uy-muzeyiga kelgan jurnalistlarni ko‘rib, juda mamnun bo‘ldim. Zero, matbuot yo‘lida Behbudiy bosib o‘tgan mashaqqat yosh jurnalistlarga ibrat maktabi bo‘lib xizmat qiladi.
Tadbir qatnashchilari Samarqand xalqaro turizm markazi va boshqa diqqatga sazovor maskanlarda ham bo‘ldi.