@zarafshon_bot ’ga murojaat:"Elektr bizniki, ammo simyog‘och bizga qarashlimas..."

"Anhor"da aholi avariya holatidagi simyog‘och va elektr tarmoqlari bo‘yicha murojaatlariga yuqoridagi javobni olmoqda

Samarqand shahri “Anhor” mahallasi, Anhor ko‘chasidagi aloqa tarmog‘i simyog‘ochlaridan elektr tarmog‘i o‘tkazish oqibatida ular bugungi kunda avariya holatiga kelib qolgan.

Nazoratsizlik oqibatida bu simyog‘ochlar aslida nima vazifani bajarishi kerakligini bir qarashda tushunib bo‘lmaydi: aloqa va elektr tarmoqlari aralash-quralash ahvolda! Oqibatda elektr simlarda tez-tez qisqa tutashuv sodir bo‘lib, elektr energiyasi ta’minotida uzilishlar kuzatilmoqda.

Shahar markazida joylashgan “Anhor” mahallasidagi ushbu muammoga mutasaddilar qachon e’tibor qaratishadi? Yo ular biror yirik yong‘in va shu kabi jiddiy sabablar yuzaga kelishini kutayaptimi?!

Mahalla aholisi elektr tarmoqlari korxonasiga bu masala bo‘yicha bir necha marta murojat qildi. Ammo hamma murojaatning javobi bir xil: "Bu simyog‘ochlarning bizga aloqasi yo‘q, telefon stansiyaga boringlar!" Agar shunday bo‘lsa, nima uchun undan elektr tarmog‘i o‘tkazilgan? Ular nega bu simlarni olib tashlamayapti?

Bu muammo shunday e’tiborsiz qoldirilsa, kuzgi-qishki mavsumda yanada jiddiy tusda namoyon bo‘lishi aniq. Shunday ekan, mas’ullardan o‘z vaqtida e’tiborli bo‘lib, muammoni bartaraf etish choralarini ko‘rishlarini so‘raymiz.

Abdushukur ISMOILZODA