@zarafshonbot’ga murojaat: “Aviabilet savdosida hali ham firibgarlar bor”
Shu yil 19 iyun kuni Kattaqo‘rg‘on shahrida joylashgan aviakassalardan biridan Samarqand — San Fransisko (AQSh) yo‘nalishiga aviabilet olishga kirgandimda shu yerda o‘tirgan xodim N.S ( aviakassaga egalik qiladigan MChJ va xodimning ism familiyasini huquq-tartibot idoralariga arizamda berganman) menga haqiqatda shu yo‘nalishga bilet sotishini aytgandi. U mendan jami 915AQSh dollari mablag‘ni N.Sh. nomidagi valyuta kartasiga, 1 314 515 so‘mni esa o‘zining plastik kartasiga o‘tkazishimni aytgan va men ularga pulni o‘tkazib berganman. Ular menga 9 iyul kuniga uchishimni aytishgandi. Ammo kechgacha kutib ham bilet ololmadim. Ertasi kuni kelishimni aytishdi. Ammo ertasi ham undan keyin ham bilet ololmadim. Keyinchalik bilsam ular firibgarlar ekan.
Qizig‘i, o‘sha kuni ham yuqoridagi avikassadan bilet olib, manziliga yeta olmay qolib ketganlarni ko‘rdim. Aviabiletlar soxta ekanligi sabab o‘sha aviakassadagi yo‘lda qolib ketayotgan faqat men emas ekanman. Men ulardan so‘raganimda aynan mendan bilet uchun pul olgan xodim ularni ham aldagani ma’lum bo‘ldi. Shundan bildimki bu yerda aldangan faqat men emas.
30 avgust kuniga kelib viloyat IIB boshlig‘i nomiga ariza bilan murojaat qildim. Ko‘p o‘tmay Kattaqo‘rg‘on shahar IIB jinoyat qidiruvi bo‘limidan chaqirib ko‘rsatma olishdi. Suhbat chog‘ida angladimki, aynan aviabilet masalasida chuv tushib huquq-tartibot idoralariga ariza yozganlar oz emas ekan.
Men ziyoli, o‘z haq-huquqini biladigan kishiman. Ammo shunday bo‘lib ham oylar davomida firibgarlar ortidan yugurib ham pulimni to‘liq qaytartira olmadim. Endi qolganlarning ahvolini tasavvur qilavering. Fikrimcha, bunday holatlarga tegishli idoralar jiddiy qarab jazo muqarrarligini ta’minlashsa, kelgusida ham ko‘pchilikning sarson bo‘lishi oldi olinadi.
Eng achinarlisi, mazkur, avikassa ta’sischisi bo‘lgan MChJ egalari oldin ham xuddi shu ish yuzasidan 11 marta javobgarlikka tortilgan. Men bu haqda huquq-tartibot idolariga arizamda ko‘rsatganman. Meni o‘ylantiradigani — shuncha javobgar bo‘lib, hali ham aynan shularga tegishli avaikassada odamlar chuv tushib qolayotgani. Fikrimcha, tegishli idolarar bu ishga jiddiyroq qarashlari kerak".
Odil Haydarov, Ishtixon tumani.
Tahririyatdan: Maqolada murojaatchining vajlari shundayligicha e’lon qilindi. O‘ylaymizki, tegishli tashkilotlar holat yuzasidan o‘z munosabatini bildirishadi.