@zarafshonbot’ga murojaat: Bulung‘urda nega o‘qituvchilar iste’mol krediti ololmayapti?
O‘tgan yili may oyida xalq ta’limi tizimidagi pedagog xodimlarga iste’mol kreditlari va kredit kartalar berilishini eshitib, hamkasbim bilan “Agrobank” ATBning Bulung‘ur filiali kredit bo‘limiga bordik. Bank xodimi bizga kredit karta 2 yil muddatga, ish haqining 4 barobari miqdorida, yillik 23 foiz stavkada berilishini tushuntirdi. Kredit karta olish uchun hujjatlar tayyorladik va uni kredit bo‘limiga topshirdik. Kredit karta hadeganda chiqavermadi, bankka borib kartamiz qachon chiqishini so‘rasak, har safar “Kartangiz chiqsa xabar beramiz”, deyishdan nariga o‘tmadi.
Oradan oylar o‘tdi, nihoyat “Agrobank” ATBning Bulung‘ur filiali kredit bo‘limida kredit kartamiz borligini eshitdik va uni olish uchun bankka bordik. Kredit bo‘limi xodimi Nuriddin Azzamqulov bizga kredit kartalarni olib kelganligi, tanishimning kartasi chiqqani, lekin mening kartam yo‘qolganini aytdi.
Shundan so‘ng, “Agrobank” ATB viloyat boshqarmasiga borib, yangi kredit karta ochirib keldim. Yana o‘sha bank xodimi N.Azzamqulovga uchrashdik. U bizga hozir oyning oxiri ekani, oyning boshida kelishimizni aytdi. Keyingi oyining boshida yana uchrashdik, natija bo‘lmadi.
Xullas, o‘tgan yilning may oyidan buyon hamkasbim bilan kredit karta ochirib, iste’mol krediti ololmay kelmoqdaman. Bank xodimi “Erta, indin, bir haftadan keyin keling”, deyishdan nariga o‘tmayapti. Bankka qatnashdan charchadik. Oddiy iste’mol kreditini olish shunchalik qiyinmi?
Ummat Haydarov,
Bulung‘ur tumanidagi 35-umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘qituvchisi.