@zarafshonbot‘ga murojaat: Elektr ta’minotidagi uzilishlar sabab dars o‘tolmayapmiz, talaba-yoshlar fanlarni o‘zlashtirishdan ortda qolyapti
Samarqand tumanining Jo‘yisoy qishlog‘ida istiqomat qilamiz. Shaharning tikuv fabrikasidan eshkak eshish kanali (gribnoy)gacha rekonstruksiya ishlari olib borilayotgani, zamonaviy yo‘l qishlog‘imizning o‘rtasidan o‘tayotgani sabab, bir yildan buyon obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Bu albatta, bizni xursand qilyapti.
Biz, ziyolilarni tuman elektr ta’minoti korxonasining xohlagan vaqtda, hech bir ogohlantirishsiz svetimizni o‘chirib qo‘yayotgani bizni tashvishlantirmoqda.
Tashkilotning 66 2400565 telefon raqamiga izoh so‘rash maqsadida qilgan qo‘ng‘iroqlarimizga ham hech kim javob bermayapti, raqam har doim band.
Tushunamiz, rekonstruksiya vaqtida ko‘chalarga beton ustunlar o‘rnatilyapti. Lekin bu ishlar soat 16:00 dan keyin o‘tkazilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi. Chunki mahallamizda oliy ta’lim muassasalarida masofadan turib, onlayn saboq olayotgan yuzlab talabalar, ularga dars berayotgan professor-o‘qituvchilar bor.
Jumladan, o‘zim Samarqand davlat universitetining fizika fakulteti talabalariga onlayn dars o‘taman. O‘tgan kundan buyon kuniga 3-4 soatgacha hududimiz elektr ta’minotidan uzib qo‘yilyapti.
Buning oqibatida talaba-yoshlar darslarni o‘zlashtira olmayapti. O‘ziga bog‘liq bo‘lmagan vaziyatda o‘qituvchilar ham zimmasidagi vazifasini bajarolmayapti.
Tuman elektr ta’minoti korxonasi mutasaddilari ayni kunlarda kelajak avlod ta’limi bilan bog‘liq ushbu muammoni hal etish choralarini ko‘rsa, yaxshi bo‘lardi.
Ortiq PARDAYeV.