«Zarafshon»ning bugungi (2020 yil 18 fevral, №21) sonida o‘qing
Viloyat hokimi Erkinjon Turdimovning aholi muammolarini o‘rganish va ularga yechim topish maqsadida Payariq tumanida o‘tkazgan navbatdagi sayyor qabulida 556 nafar fuqaroning murojaati tinglandi. Sakkiz soat davom etgan sayyor qabulda murojaatlar o‘tgan yilgidan (2019 yilning 19 fevral kuni o‘tkazilgan sayyor qabulda 600 dan ortiq murojaat tushgan edi) biroz kam. Lekin boshqa tuman, shaharlardagi qabullardagi raqamlar bilan qiyoslaganda baribir ko‘p. Bu mazkur hududda yechimini kutayotgan muammolar, kamchiliklar ko‘pligidan dalolat berishi barobarida tuman mutasaddilari, viloyatdagi tegishli idoralar rahbarlarining ko‘proq xalq orasida bo‘lishi, aholi bilan yuzma-yuz muloqot qilishi zarurligini taqozo etadi.
***
Shu kunlarda mahallalarda aylanib tarqatilayotgan maishiy gaz ballonlarining ayrimlari eski va nosoz chiqayotganligi haqida gap-so‘zlar quloqqa tez-tez chalinadi. Xo‘sh, aholi nima uchun hududiy gaz ta’minoti tashkilotlari xizmatidan norozi bo‘lyapti? Rostdan ham xonadonma-xonadon aylanib tarqatilayotgan maishiy gaz ballonlari ichida eski va nosozlari bormi? Bunday gaz ballonlarni kim, qayerda ta’mirlaydi? Viloyatda ularni ta’mirlaydigan korxona bormi?
***
Mahallalarda to‘ylarni nazorat qilish komissiyasi ish boshladi. Unga mahalla oqsoqoli, faollari, mehnat faxriylari, jamoatchilik va xotin-qizlar vakillari kiritilgan. Xo‘sh, ular qanday ish olib boryapti? Aholi o‘rtasida olib borilayotgan tushuntirish ishlaridan so‘ng dabdabali to‘y qilishga barham berilyaptimi? To‘yga nechta mehmon taklif qilinyapti? To‘y qiladigan kishi mahallaga kelib, ro‘yxatdan o‘tyaptimi? O‘zboshimchalik bilan to‘y o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmayaptimi?