Zargarlarga yana imtiyozlar berildi
“Zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish sohasini yanada rivojlantirish va ularning raqobatbardoshligini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni (PF-104-son, 23.07.2024 y.) qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra, 2024 yil 1 oktyabrdan 2027 yil 1 oktyabrgacha:
— zargarlik sanoatida ishlatiladigan ligatura mahsulotlarini import qilishda maxsus turdagi tovarlar importi uchun litsenziya olish talabi bekor qilinadi;
— O‘zbekiston hududiga olib kiriladigan va zargarlik sanoatida ishlatiladigan ligatura mahsulotlari bojxona bojidan ozod etiladi.
Shuningdek, 1 noyabrdan chet elda ishlab chiqarilgan zargarlik buyumlarini, basharti ular bo‘yicha bojxona to‘lovlari amalga oshirilganligini tasdiqlovchi hujjatlar bo‘lmasa, sotuvga qo‘yish va chakana savdoda realizatsiya qilish man etiladi.
Bunda ushbu tartib buxgalteriya hisobi qonunchiligiga muvofiq, 2024 yil 1 sentyabrgacha rasmiylashtirilgan (kirim qilingan) zargarlik buyumlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.