Samarqand xalqaro aeroportida 81 million so‘mlik zargarlik buyumlari to‘xtatib qolindi
Qonunchilikka ko‘ra, jismoniy shaxslar bojxona chegarasi orqali bojxona to‘lovlarisiz 65 grammdan ko‘p bo‘lmagan qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan zargarlik buyumlarini olib kirishlari mumkin.
Shunga qaramasdan ayrim "uddaburon"lar tomonidan mamlakatimizga xorijdan zargarlik buyumlarini belgilangan me’yordan ortiqcha olib kelish holatlari kuzatilmoqda.
Jumladan, “Istambul-Samarqand” yo‘nalishidagi aviareys bilan Samarqand xalqaro aeroportiga uchib kelgan fuqaro D.N. “yashil” yo‘lak orqali bojxona nazoratidan o‘tayotganida bagaj sumkasi bojxonachilar e’tiborini tortadi.
Natijada xolislar ishtirokida fuqaroning bagaj sumkasi ko‘zdan kechirilganda, yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasiga yozmasdan 81 million so‘mlik 163,0 gramm zargarlik buyumlarini olib kelayotganligi aniqlandi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
Viloyat bojxona boshqarmasi axborot xizmati.