Samarqandda zargarlik bo‘yicha milliy brend yaratiladi

Samarqand shahrida zargarlik savdo va ishlab chiqarish majmuasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Zargarlik san’ati an’analarini qayta tiklash, mahalliy zargarlik buyumlarining ichki va tashqi bozorda raqobatbardoshligini ta’minlash, aholining sifatli zargarlik mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini qondirishga qaratilgan chora-tadbirlar doirasida bunyod etilgan markazning umumiy maydoni 4500 kvadrat metrni tashkil etadi. Uch qavatdan iborat yangi majmuada 20 dan ortiq zargarlik do‘koni, zargarlar ustaxonalari hamda maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari mavjud.

— 9 milliard so‘m investitsiya mablag‘i hisobiga qurilgan markazda 130 ta yangi ish o‘rni yaratildi, - deydi  “Sharq sanoati” konserni direktori Baxtiyor Toshtemirov. – Bu bilan ish tugagani yo‘q. Zargarlik sohasida milliy brendni yaratish hamda uni butun dunyoga mashhur qilish maqsadida konsernimiz tomonidan maxsus ustaxonalar tashkil etilib, ularga xorijlik mutaxassislar ham jalb qilinmoqda. Jarayonda ishlatilayotgan xomashyoning asosiy qismi birja orqali olinyapti, chet eldan import ham mavjud.

Bugungi kunda viloyatimizda zargarlik mahsulotlari ishlab chiqarish bilan 12 ta korxona, 30 nafardan ortiq yakka tartibdagi tadbirkor hamda usta-hunarmandlar shug‘ullanadi. Ularning mahsulotlari viloyatdagi 123 ta zargarlik mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub’yektlari hamda mamlakatimizning boshqa hududidagi do‘konlarga yetkaziladi. E’tiborlisi, markazga jalb qilingan zargarlar orasida sohada ko‘p yillik tajribaga ega mohir usta-hunarmandlar ko‘p.

— Zargarlik bilan bolaligimdan shug‘ullanib kelaman, bu ota kasb, - deydi usta Oybek Tillayev. – Biz ishimizda asosan milliy va zamonaviy dizayn uyg‘unligi orqali nodir zargarlik mahsulotlarini yaratishga harakat qilamiz. Buning uchun ko‘plar tarixiy manbalar, adabiyotlar bilan tanishib chiqamiz, o‘z navbatida xalqaro bozordagi talablarni ham o‘rganamiz. Shahrimiz doim sayyohlar bilan gavjum, shu bois samarqandlik usta-zargarlarda milliy brend yaratish uchun keng imkoniyat bor. Yangi tashkil etilgan markaz bunda muhim o‘rin tutadi.

Markazning ochilish marosimida zargarlik mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilarining tayyor va yarim tayyor mahsulotlari namoyishi tashkil etildi. Tadbirda viloyat hokimining yordamchisi Nozir Ibragimov, Samarqand shahri hokimi Fazliddin Umarov ishtirok etdi.