“Zarkent bobo” ziyoratgohidagi shirk amallar to‘xtatildi (video)

Toshkent viloyatidagi “Zarkent bobo” ziyoratgohida qabr tavof qilinayotgani, ustunlar o‘pilayotgani, zinalarga bosh qo‘yib, sajda etilayotgani kabi shirk holatlarga nisbatan O‘zbekiston musulmonlari idorasi o‘z munosabatini bildirdi. Bu haqda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati xabar qildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi tashabbusi bilan Toshkent viloyati Parkent tumani imom-xatiblari tomonidan ziyoratgohda kuzatilgan dinimizga zid amallarni bartaraf etish choralari ko‘rildi va u yerdagi holat doimiy nazoratga olindi. Ushbu tuman imom-xatiblari tomonidan muntazam tushuntirish ishlari olib borilmoqda.
Shuningdek, Islom dinida bayon etilgan ziyorat odoblari aks etgan peshlavhalarni idora tasarrufida bo‘lmagan qadamjolarga ham joylashtirish bo‘yicha sa’y-harakatlari boshlandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi yana bir bor shu kabi o‘z tasarrufida bo‘lmagan ziyoratgohlarning mas’ullarini mana shunday ko‘ngilsiz holatlar yuzaga kelishining oldini olish, ziyorat odoblarini tushuntirish borasida hamkorlikka doim tayyor ekanini ma’lum qiladi.