Zarnews.uz Navoiyda: Toshdan qurilgan 500 yillik obida
Odatda yurtimizdagi qadimiy arxitektura yodgorliklari haqda gap ketganda ko‘pincha avvalo Samarqand, Buxoro va Xiva ko‘z o‘ngimizga keladi. Aytish lozimki, yurtimizning deyarli har bir go‘shasi qadimiy obidalarga ega. Muxbirimiz Navoiy viloyatiga safari davomida Qiziltepa tumanida joylashgan qadimiy Tosh masjid nomini olgan obidaga ham kirib o‘tdi.
Tumanning Vang‘ozi qishlog‘idagi Tosh masjid me’moriy majmuasi XVI asrda Abdullaxon II tashabbusi bilan bunyod etilgan. Undagi minora XVIII asrda barpo etilgan.
Masjid toshdan tiklangani uchun xalq orasida Tosh masjid nomini olgan. Bino 70 sm balandlikdagi supaga qurilgan. Uning ko‘rkam hajmiy-makoniy kompozitsiyasining markaziy qismida baland peshtoq va yirik moviy gumbaz ajralib turadi. Masjidning 24x40 metr kattalikdagi umumiy binosida 2 ta yirik va 16 ta bir xildagi mayda gumbazlar bilan yopilgan yagona xona bor.
Masjid yonida go‘zal uslubda qurilgan minora bor. Uning balandligi 24 metr bo‘lib, pastki qismining asos aylanasi 3,8 metrni tashkil etadi. Poydevori toshdan terilgan.
Bu joy XIX-XX asr boshlarida Vang‘ozi qishlog‘idagi yagona darvozali mustahkam qal’a-qo‘rg‘on bo‘lgan. Ushbu qal’a aylanasi taxminan 2 km bo‘lgan devor bilan o‘ralgan.
Qal’a ichida qorovulxona, madrasa, ma’muriy binolar, qozixona, mirshabxona kabilar mavjud bo‘lgan. Shuningdek, bu qishloqda yopiq savdo rastali bozor, qator turarjoy va diniy inshootlar qad ko‘targan bo‘lib, hozirda ushbu moddiy-madaniy merosimizdan faqat XVI asrda pishiq g‘ishtdan qurilgan baland minorali Tosh masjid va Qo‘rg‘on masjidlari saqlanib qolgan.