Zayniddin Jo‘rayev: “Yil oxirigacha Samarqanddagi 80 foiz bog‘cha yoshidagi bolalar ilk ta’limga qamrab olinadi”

Bugun viloyatda 337 121 nafar bog‘cha yoshdagi bolalarning 215 643 nafari, ya’ni 64 foizi maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qamrab olingan.

- Oldimizda turgan vazifa - maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarmog‘ini kengaytirish orqali qamrov ko‘rsatkichini oshirishdir, - deydi viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi boshlig‘i Zayniddin Jo‘rayev. - Bu borada yil oxirigacha qamrovni 80 foizga yetkazish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi. Unga ko‘ra, quvvati 50 o‘rinli oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tashkil qilish hamda bugungi kunda faoliyat yuritayotgan quvvati 25 o‘rinli oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari quvvatini 50 o‘ringa oshirish istagini bildirgan yakka tartibdagi tadbirkorlar bilan bitim tuzish ishlari davom etmoqda.

Qamrov darajasi past bo‘lgan Nurobod, Urgut va Qo‘shrabot tumanlarining har bir mahallasi kesimida jami 144 ta oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini tashkil etish choralari ko‘rilyapti.

Shu bilan birga, viloyatning olis va chekka hududlar ro‘yxatiga kiritilgan 25 mahallada, jumladan, Kattaqo‘rg‘on tumanining Bunyodkor va Jizmonsoy,  Qo‘shrabot tumanining Toz, Yangi qishloq, O‘rta soy, Jonbuloq, Qo‘shtamg‘ali, Urganji, Oqchopsoy, Minishkor va Bog‘ojot qishloqlarida, Nurobod tumanining Tepaqul, Saroy, Sazog‘on, Omondara, Jom, Sahoba, Jarquduq, Buloqboshi, Navbahor, Ag‘ron, Arabota va Bunyodkor, Paxtachi tumanining Chashma, Payariq tumanining Nakurt mahallalarining har bir qishlog‘ida oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari tashkil etish belgilandi.

2021 yilgi Investitsiya dasturi doirasida davlat MTTlari mavjud bo‘lmagan MFYlar hududidagi 16 ta ob’yektlarni rekonstruksiya qilish ishlariga 64,4 milliard so‘m mablag‘ sarflanishi hisobidan qo‘shimcha             1 550 o‘rinli yangi quvvat yaratiladi. Shundan 7 tasi davlat bog‘chalari mavjud bo‘lmagan MFYlar hududida, qolgan 9 tasi moslashtirilgan binolarni rekonstruksiya qilish hisobiga tashkil etiladi.

Mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan 196 ta bo‘sh guruhlarni ta’mirlash hisobiga 5 845 quvvat yaratiladi. 

 Viloyat hokimi E.Turdimov rahbarligida 2021 yil 30 aprel kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida maktabgacha ta’lim tashkilotlarida autsorsing xizmatini joriy etish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish vazifasi belgilab berilgan edi.

Mazkur masalani viloyatning barcha tumanlarida ham yo‘lga qo‘yish, maktabgacha ta’lim tashkilotlarida sog‘lom ovqatlantirish tizimini yanada takomillashtirish choralari ko‘rilmoqda.

Viloyatdagi maktabgacha ta’lim tashkiloti direktorlari, metodist-tarbiyachilari hamda maktabgacha ta’lim bo‘limlari metodistlari bilan “Qanday qilib ta’lim sifatini yaxshilaymiz?”, “Ta’lim sifatini rivojlanishiga to‘sqinlik qilayotgan illatlar nimalardan iborat?” mavzularida davra suhbati yo‘lga qo‘yildi.

Davra suhbatida berilgan savol-javoblar, takliflar va talablardan kelib chiqib, kelgusida maktabgacha ta’lim tizimini rivojlantirish bo‘yicha Samarqand maktabgacha ta’lim tizimi pedagog xodimlari uchun “Mahorat maktabi” tashkil etildi.

Ushbu maktab orqali maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ta’lim sifatini oshirish, tajribali pedagoglarni “Ustoz-shogird” an’anasiga ko‘ra yoshlarga biriktirish, yangicha yondashuv asosida mashg‘ulotlar o‘tkazish uchun master-klasslar o‘tkazish maqsad qilingan. Har bir jonkuyar, o‘z ustida ishlaydigan pedagog-xodimlar har oyda oylik ustama bilan taqdirlanadi.

Shuningdek, boshqa viloyatlarning ilg‘or tajribasini o‘rganish, maktabgacha ta’lim tashkilotlari ta’lim-tarbiya faoliyati bilan tanishish maqsadida sayohatlar tashkil etilishi rejalashtirildi.

Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida qo‘shimcha pullik xizmatni yo‘lga qo‘yish uchun ota-onalar bilan hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab olindi.