Zayniddin NIZOMXO‘JAYEV, Oliy Majlis Senatining Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi:
- Prezidentimizning “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoni e’lon qilinganiga bir oycha vaqt o‘tdi. Mazkur farmon ijrosini ta’minlash yuzasidan joylarda amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish jarayonida achinarli holatlarga guvoh bo‘lyapmiz. Ya’ni, hududlardagi mahalliy kengashlar deputatlari, korxona va tashkilotlar rahbarlarining aksariyati ijtimoiy sohani rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarida belgilangan vazifalarni bilmaydi.
Axir deputat o‘z hududlarida xalqning bandligi va real daromadlarini oshirish, aholini ijtimoiy himoya qilish, sog‘ligini saqlash, ular uchun zamonaviy, qulay va arzon uy-joylar qurish, yo‘l-transport, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmani modernizatsiya qilish, ta’lim muassasalari faoliyatini jonlantirish borasidagi islohotlardan bexabar bo‘lsa, u qanday qilib odamlarning, saylovchilarining ishonchini qozonadi? Bunday vaziyatda Harakatlar strategiyasi loyihasi hamda shu asosda ishlab chiqilgan yil dasturi bajarilishini so‘rashning o‘zi noo‘rin emasmi?
Shuning uchun ham dasturlarda belgilangan istiqboldagi vazifalar haqida keng jamoatchilikni xabardor qilish maqsadida xalq deputatlari mahalliy kengashlarida targ‘ibot-taqdimot seminarlari o‘tkazilmoqda.