Zaytun haqida nimalarni bilasiz?

Uni daraxtdan uzib olib yeb bo‘lmaydi.

Zaytun daraxtining vatani Janubi-G‘arbiy Osiyodir. Ko‘p asrlar davomida bu meva odamlarga ozuqa bo‘lib, karvonlarda uzoq hududlarga olib ketilgan.

Zaytun daraxtlari O‘rta dengiz sohillaridagi barcha mamlakatlarda ekilgan. Bir vaqtlar, hatto Shimoliy Afrikaning taqir cho‘l hududlari ham zaytun bilan to‘ldirib ekilgan. Aytishlaricha, qadimda Makkadan Marokashga sayohat qilgan kishi doimo zaytun, xurmo va anjir daraxtlari soyasida bo‘lgan.

Yangi dunyoga zaytun urug‘i va qalamchalarini ispanlar olib kelgan. Ularni Kaliforniyadagi manzilgohlari atrofiga ekishgan. Natijada issiq, quruq iqlim sharoitida daraxtlar yaxshi o‘sib ketgan.

Hozirgi vaqtda zaytun Kaliforniyada hosilning asosiy turi bo‘lib, Qo‘shma Shtatlardagi zaytunning deyarli hammasi shu yerda yetishtiriladi. Ammo zaytun yetishtirish bo‘yicha dunyoning yetakchi mamlakatlari hali ham Ispaniya va Italiya bo‘lib, Kaliforniya zaytuni dunyoda yetishtiriladigan hosilning 0,9 foizini tashkil qiladi.

Zaytun yog‘i qadimdan qadrlanadi. Shohlar odatda o‘z boyligini yerto‘lalardagi zaytun yog‘i solingan xumlar soniga qarab baholagan. Krit orolida miloddan avvalgi 2000 yildan beri zaytun yog‘i saqlanib qolgan yerto‘lalar topilgan.

Zaytun daraxti uzoq umr ko‘radi. Gefsiman bog‘ida, garchi ularning tanasi dastlabki holatida bo‘lmasa ham, 2 ming yoshda bo‘lgan zaytun daraxtlari bor. Chamasi, daraxtlar yonidan unib chiqqan yangi ko‘chatlar hisobiga yangilangan.

Qadimgi yunonlar zaytunni hayot, salomatlik va unumdorlik daraxti, deb atashgan. Mevaning taxir ta’mi marinadlangandan keyin yo‘qoladi. Zaytun yog‘i esa o‘ta shifobaxsh. Uning shifobaxshlik xususiyatlari shunchalik ko‘pki, avvalo, sog‘liq uchun eng foydali mahsulotlar qatoriga kiradi. Presslash orqali olingan sof zaytun yog‘i inson organizmi tomonidan 100 foiz so‘riladigan noyob mahsulotlardan biridir.

 Shohruh Ashurov tayyorladi.