Zominda 136 million yevrolik sement zavodi quriladi

Zomin tumanida 136 million 700 ming yevrolik sement zavodi, 12 million dollarlik temir-beton mahsulotlari tayyorlanadigan zavod qurilmoqda, deb xabar beradi gazeta.uz.

Jizzax viloyatning Zomin tumanida yirik quvvatli zavod va korxonalar tashkil etish bo‘yicha amaliy ishga kirishilgan. Dashtobod shaharchasida uzoq yillar bo‘sh yotgan 40 gektar yerda barpo etilayotgan «Zomin-sement» shaharchadagi ilk sanoat korxonasi bo‘ladi. 136 million 700 ming yevro qiymatidagi mazkur loyihaning amalga oshirilishi 400-chidan 700-chi markagacha bo‘lgan yuqori sifatli sement ishlab chiqarish imkonini beradi.

«Laylakuya» qishlog‘ida yana bir yirik korxona — «Zomin maxsus plita» zavodi qurilishi davom etmoqda. Ispaniya bilan hamkorlikda tashkil etilayotgan mazkur sanoat ob’yektida uy-joy qurilishi uchun temir-beton mahsulotlari tayyorlanadi. 12 million AQSh dollari qiymatidagi loyiha doirasida Ispaniya va Italiyadan keltirilgan eng zamonaviy texnologik liniyalar ishga tushiriladi.

Dashtobodda yangi quvvatlarni tashkil etish bilan hudud qiyofasini o‘zgartirishga qaratilgan ishlarga ham faol kirishilgan. «Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturlari doirasida dastlab Ziyo deb nomlanuvchi markaziy ko‘cha bo‘yidagi eski, pastqam uylardan voz kechilib, ularning o‘rnida barcha sharoitlarga ega yangi uylar qad rostladi. Qurilgan 134 ta uylar kaliti tez kunlarda o‘z egalariga topshiriladi.

79 ta uy ko‘cha bo‘yini to‘ldirib turgan Qorasoch Otaqulova ko‘chasida ham qurilish ishlari boshlangan. Ixcham, zamonaviy 92 ta uy shu yilning o‘zida qurib bitkaziladi, bundan tashqari zamonaviy bozor, 50 o‘rinli mehmonxona, minimarket, maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari hamda tikuvchilik majmuasi ishga tushiriladi.