Zoti bobarakot

Samarqand davlat universiteti professori Muslihiddin Muhiddinovning Shayx Qutbiddinxon ibn Muhiddinxon Urgutiyga bag‘ishlangan shu nomli kitobi nashr etildi.

Domla ushbu kitob ustida uzoq ishlaganidan xabardormiz. Ko‘p ma’lumotlar to‘plab, ularni solishtirdi, bahs-munozarali masalalar yuzasidan adabiyotshunos, tilshunos va tarixchi olimlar bilan fikrlashdi, maslahatlashdi. Ota-bobolarining hayoti, ilmiy-ma’naviy merosiga oid o‘zida mavjud ma’lumotlar bilan birga respublikamiz va xorijdagi arxivlar, kutubxonalar va kishilar qo‘lida bo‘lgan manbalarni erinmay izladi, to‘pladi.

Ana shu sa’y-harakatlar mahsuli sifatida yaratilgan kitobda o‘tgan asr boshlarida yashab, «zulmat ichra nur» bo‘lib turgan ulug‘ olim va ma’naviy rahnamo – Shayx Qutbiddinxon ibn Muhiddinxon Urgutiyning ibratli, ammo mashaqqatli hayoti, yuksak insoniy fazilatlari, ilmiy va badiiy ijodi haqida hikoya qilinadi. Shu bilan birga kitobda Qutbiddinxon Urgutiyning bobosi Eshoni Valixon Urgutiy va otasi Eshoni Muhiddinxon Urgutiy, ularning naqshbandiylik tariqatini targ‘ib etish borasidagi harakatlari to‘g‘risida ham ma’lumotlar keltiriladi.

Kitobda olimning Mirzo Muhammad Mehdixonning «Sanglox» asari haqidagi tadqiqoti, nazmiy ijodidan namunalar bayon etilgan.

Shuningdek, yetuk olimlar, taniqli shoir va yozuvchilarning Shayx Qutbiddinxon haqidagi maqola va xotiralari kitobxonda bu sulola haqida yorqin tasavvur paydo qiladi. Bu o‘rinda ayniqsa, G‘aybullo as-Salom, Najmiddin Komilov, Boturxon Valixo‘jayev, Sultonmurod Olim, Ozod Sharafiddinov va boshqa olimlarning maqolalarini alohida qayd etish lozim.

2001 yilda viloyat hokimligi tashabbusi bilan Eshoni Valixon Urgutiy va uning nabirasi Qutbiddinxon Urgutiy dafn etilgan, bu zotlar nomi bilan bog‘liq qadamjo – Urgut tumanidagi Chorchinor ziyoratgohini obod etishga kirishildi. Bu ishlarga o‘sha paytda Samarqand viloyati hokimi bo‘lgan Sh.Mirziyoyev, Urgut tumaniga rahbarlik qilgan X.Nurullayev bosh bo‘ldi.

Ana shu damlarda ham Muslihiddin Muhiddinov taniqli olimlar, tarixchilarni jalb qilib, nafaqat o‘z ota-bobolari, balki urgutlik boshqa allomalar, eshonlar hayoti, ilmiy-ma’naviy merosini o‘rganishga salmoqli hissa qo‘shdi. Natijada tumanning bir qator hududlaridagi tarixiy joylar, ziyoratgohlar, Chorchinor va bu yerdagi qadimiy madrasa, masjid tarixiga oid ilmiy-tadqiqotlar amalga oshirildi. Chorchinor bilan birga boshqa maskanlar ham obod qilindi.

Kitobda ushbu jarayonlar haqidagi maqolalar, bu ishda ishtirok etgan olimlarning fikrlari ham berilgan...

Ming bor eshitgandan, bir bor ko‘rgan afzal, degan gap bor. «Zoti bobarakot» haqida ham shu fikrni bildirib, yaxshisi bu kitobni o‘qing, yaqin tarixdagi millatimizning ma’rifatparvar insonlari ma’naviy merosidan bahramand bo‘ling, degimiz keldi.

G‘.Hasanov.