Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

16 yoshida o‘z puliga mashina olgan ishbilarmon xitoyliklarni lol qoldirgan dasturchi bilan suhbat

 Tadbirkorlik pul topish yo‘lidagi harakatmi yoki qiziqishlaring, o‘rgangan sohangning yetuk ustasi bo‘lgach, pulni o‘zi keltiradigan jarayonmi? To‘g‘ri, bu masalada faqat bir tomonlama fikr bildirib bo‘lmaydi. Sababi, istaymizmi, yo‘qmi, aksar tadbirkorlar avvalo pul topish, sarmoyasini ko‘paytirish uchun shu ish bilan shug‘ullanadi. Ammo sanoqli bo‘lsa-da, shunday tadbirkorlar borki,  ular ishini qiziqishdan boshlagan. Qiziqish deganimiz shunchaki nimanidir o‘rganish, tomosha qilish emas, biror sohaga qalb qo‘rini berish, o‘sha soha uniki ekanini o‘z vaqtida anglash, hayoti shu soha bilan mazmunli ekanligini tushunishdir.

Samarqandlik tadbirkor - Xayrulla MAMASOLIYeV ham xuddi shunday insonlardan. Ko‘pchilik uni bloger deb o‘ylaydi, ba’zilar esa kasbi noma’lum saxovatpesha inson sifatida taniydi. Katta loyihalarga qo‘l urgan tadbirkor Xayrulla Mamasoliyev bilan suhbatimiz uning tashabbus va loyihalari haqida bo‘ldi.

- Sizni faol bloger, tashabbuskor sifatida bilamiz, ammo bu sohaga aloqam yo‘q, deb aytayapsiz. O‘zingizni tanishtiring? (Darvoqe, birinchi marta suhbatdoshimga shunday savol bilan murojaat qilishim).

-  Tadbirkorman… Faqat atrofdagi voqea-hodisalar, Samarqandga, muhtoj insonlarga befarq emasman. Shuning uchun ijtimoiy tarmoqlarda qiyin vaziyatda qolgan insonlarga yordam berishga mo‘ljallangan guruhlar tashkil qildik, samarqandliklar orasida ozmi-ko‘pmi tanildik. Shuning uchun bo‘lsa kerak, ba’zilar bloger degan xayolga boradi. Yo‘q, axborot tarqatish, blogerlik bilan shug‘ullanmayman. Faqatgina ishimiz taqozosiga ko‘ra odamlarga axborot berishga to‘g‘ri kelgani va ko‘pchilik bunga qiziqqani uchun tarmoqlarda faolmiz. Yaxshi ishni boshlasang unga qo‘shilib, yordam beradiganlar ham ko‘payar ekan. Samarqandda ijtimoiy do‘kon tashkil qildik, keng aholi qatlami bunga jalb etildi. Buni qarangki, ko‘pchilik shunday tashabbusga qo‘shilish, odamlarga yordam qo‘lini cho‘zishni ich-ichidan istab turgan ekan. Ko‘ngillilar, muhtojlar uchun kiyim-kechak olib kelib beruvchilar ko‘paydi.  Muhtoj aholiga yordam beradigan guruhlar muntazam ishlay boshladi. Bu faoliyatga nafaqat tadbirkorlar, balki blogerlar ham qo‘shildi, ko‘mak berdi, mahsulotlarni tarqatishda, odamlarning savob ishga qo‘shilishiga hissa qo‘shdi.

- Samarqanddagi “Ezgulik kutubxonasi”, Sardoba fojiasidan jabr ko‘rganlarga yordam loyihalaringiz ham ancha ommalashdi. Yuzlab odamlar bu tashabbuslarda faol qatnashganiga guvoh bo‘ldik. Koronavirus pandemiyasi paytida qiyin ahvolda qolgan insonlarga shifokor maslahatini bepul tashkil etib berganlaringiz haqida ham eshitdik. Aytingchi, odamlarga yordam berishga ishtiyoq paydo bo‘lganini qachon his qilgansiz? Tabiatan shundaymisiz yoki bu faoliyatingizga nimadir turtki bo‘lganmi?

- Bolalagimdan shunday o‘sganman. Es-es bilaman, o‘rtoqlarimga nimadir yaxshilik qilsam, o‘zimni juda erkin va yaxshi his qilardim. 15 yoshimda kovush kiyib futbol o‘ynayotgan bolalarni ko‘rib, chidab turolmagandim. Ularni yig‘ib, do‘konga olib borganim va hammasiga keda, to‘p olib berganim yodimda. O‘shanda adashmasam o‘zim ham 15-16 yoshli o‘spirin edim. O‘ylamang, bu harakatimdan so‘ng o‘zimni qahramon his qilganim yo‘q, shunchaki xotirjam bo‘lganman, xolos. Ehtimol, oilada shunaqa tarbiya ko‘rganim uchunmi, harholda kimgadir yordam berish menga doim taskin beradi.

- Otangizning jamg‘armasidan bo‘lganmi bu xayriya?

- Yo‘g‘-ye, unaqa emas. O‘sha paytiyoq o‘zimning mablag‘imga mashina va telefonim bo‘lgan (u paytlari uyali telefon kamdan-kam odamda bo‘lardi). Mashinamni faqat mahallamiz ichida haydardim.

- 16 yoshli o‘spirinning shuncha katta mablag‘i bo‘lishi aqlga sig‘maydiku...

- O‘tgan asr 90-yillarning boshi, kompyuter texnologiyalari mamlakatimizga endi kirib kelayotgan paytlar. Aniq fanlarni yaxshi ko‘rardim, uyimizda kompyuter bor edi. Uni ishlatib, ichidagi bor funksiyalarni o‘rganishga juda erta qiziqqanman. Ko‘p dasturlarini o‘sha yoshimdayoq o‘zlashtirib olgandim. Bu bilimim borligini eshitib, ko‘pchilik iltimos qilib keladigan bo‘ldi. Sababi, aksar yirik korxonalar kompyuterda ish boshlashga kirishgan, ammo uni tushunadigan mutaxassis kam edi. Voyaga yetmagan bo‘lsam ham Samarqanddagi bir nechta banklar meni ishga taklif qilishdi. Avvaliga Jomboy tumanidagi korxonalardan birida ishladim (shu tumanda voyaga yetganman), keyin bankka taklif qilishdi. To‘g‘ri, bank kattaroq maosh va’da qildi, lekin men mablag‘ uchunmas, balki u yerda yangi rusumdagi kompyuter jamlanmalari borligi uchun o‘tganman. Shu tariqa 16 yoshimda yaxshigina jamg‘arma bo‘lgan menda. Qayerdaki, o‘zim qiziqqan sohani o‘rganish, oldingidan yaxshiroq o‘zlashtirishga imkon bo‘lsa, o‘sha yerga qarab ketaverdim. Bir joyda qolib ketishni, mana, shuncha narsani bilamanku, deya shu bilan kifoyalanishni istamasdim.

- Loyihalaringiz xilma-xilligiga qaraganda haliyam shu fe’lingiz bor...

- Bu fe’l o‘zim bilan qolsa kerak. Rostdan ham bir ish doirasida qolib ketishni istamayman. Qayerdaki yangilik bo‘lsa, shuningdek odamlarga, ayniqsa yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga, ularning vaqtini mazmunli o‘tkazib, kelajakda oilasiga, jamiyatga kerakli inson bo‘lib ulg‘ayishlari uchun sharoit bilan bog‘liq faoliyat bo‘lsa, ikkilanib o‘tirmayman. Bilganim shuki, bu kabi sharoitlar yaratish xorij mamlakatlarida asosan ishbilarmonlar tomonidan amalga oshiriladi. To‘g‘ri, davlat qo‘llab-quvvatlaydi, subsidiyalar ajratishi mumkin. Aytmoqchimanki,  yoshlarni nimagadir jalb qilish, qiziqtirishni kimgadir buyruq berib amalga oshirib bo‘lmaydi. Buning uchun uni bajarayotgan odamda ishtiyoq bo‘lishi kerak.

- Hali 18 ga kirmayoq turli tashkilotlarda talash bo‘lgan mutaxassis qanday qilib bu jarayondan ajralib chiqdi?

- Keyin turli aloqa kompaniyalarida ishladim. Yuqorida aytganimday, texnika bilan bog‘liq har qanday sohani o‘zlashtirishga qiziqishim kuchli. Xitoy bilan hamkorlikdagi aloqa kompaniyalaridan birida ishlayotgan paytim dasturlardan biriga o‘zgartirish kiritish zarur bo‘lib qoldi. Xitoylik mutaxassislar buning iloji yo‘qligini aytishganda, uni amalga oshirishga urinib ko‘rdim va uddaladim. O‘shanda ular meni Xitoydagi bosh ofisiga ishlashga juda ko‘p taklif qilishdi. Lekin ko‘nmadim. Shundan so‘ng ham texnika sohasi bilan bog‘liq yo‘nalishlarda o‘zimni sinab ko‘rishga intildim. Deylik hozir ham Baggi avtomashinalarini (sport, attraksionlardagi poyga maqsadlarida foydalaniladigan mashina) yasayapmiz. Uni Nuroboddagi yirik loyihamizning bir attraksioni sifatida qo‘llaymiz.

- Darvoqe, Nuroboddagi yirik loyiha ancha ovoza bo‘ldi. Uning amalga oshishiga ishonmaganlar haliyam bor. Loyihani hokimiyat qo‘llab-quvvatlashi oson bo‘lmagandir.

- Har qanday ishni osonlikcha bajarishning iloji yo‘q, ammo loyiha pishiq bo‘lgani uchundir, viloyat hokimi qo‘llab-quvvatladi. Barcha ishning ortida mashaqqat bor. To‘g‘ri, haliyam ushbu loyihaga ishonchsizlik bildirayotganlar bor. Karantin tufayli qurilish jarayonlari to‘xtab qolgan bo‘lsa-da, ammo asosiy ishni boshlab oldik. Investorlarimiz xitoylik bo‘lgani uchun qurilish masalalarida uzilish bo‘lib turibdi. Nurobod tumanidan 160 gektar yer ajratilgan ushbu kinoshaharcha haqida batafsil ommaviy axborot vositalarida axborotlar chiqdi. Unda kinomaktab, kinoto‘garak, dor yo‘li, kino olish uchun sharoit, tomoshagohlar qurish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, ayni paytda Qorasuv maskanida zamonaviy kinoteatr quryapmiz.  Umumta’lim maktablariga yaqin hududlarda mobil to‘graklar tashkil qilishni rejalashtirganmiz. Bolalarning turli savollariga javob bera oladigan virtual ensiklopediya dasturi qariyb tayyor bo‘ldi. Mental arifmetikani o‘rgatish uchun o‘quv markazlari ishga tushirilishi arafasida.

- Buncha keng ko‘lamdagi ishlarga qanday ulgurasiz?

- Inson yaxshilik qilish, kimgadir nafim tegsin degan maqsad bilan ishlasa, albatta, yo‘lidagi g‘ovlar oson olib tashlanar ekan.

- Lekin olinmagan g‘ovlar ham bo‘lgandir…

- To‘rt-besh yil avval elektr energiyasida qanchalik muammolar bo‘lganini bilasiz. O‘sha paytlar yo‘llarda svetofor o‘chib qolib, tartibsizliklar ko‘payib ketardi. O‘shanda jamoamiz bilan elektr energiyasida uzilish bo‘lsa-da, svetofor ishlab turishi mumkin bo‘lgan qurilma yasadik. Shuni tegishli amaldorlarga olib borib ko‘rsatganimda u kishi menga qarab «bu qurilmangni loyihangda yozganingday emas, balki falon so‘m qilib ko‘rsat, o‘sha summa meni haqqim bo‘ladi, keyin uni amalga oshiramiz», degandi. To‘g‘risi, bu gapdan hafsalam pir bo‘ldi, noinsoflikdan ranjidim va taklifni rad etdim. Yaxshilik qilish uchun harakat qilsang-u seni ochiqchasiga haqorat qilishsa, bundan yomoni bo‘lmasa kerak. 

-Darvoqe, ayni koronavirus pandemiyasi paytida odamlarga kislorod kondensatorlari va kislorod yostiqchalarini vaqtincha ishlatib turish uchun bepul tarqatishni yo‘lga qo‘ydilaringiz…

- Ha, bir guruh ko‘ngillilar jamoamiz bor. Ular qiyin vaziyatlarda odamlarga yordam berish uchun mablag‘i ham, toza qalbi ham bor insonlar. Ijtimoiy tarmoqlarda odamlarning nafas olishi qiyinlashayotgani tufayli og‘ir ahvolda qolayotgan bemorlar bilan bog‘liq xabarlar tarqala boshlagach, shunday asboblardan sotib olib, mutaxassis bilan odamlarning uyiga yetkazib berdik. Bunda ham yaxshi insonlar darhol ko‘makka keldi. Buni qarangki, bu ishni hech qanday ta’masiz, beg‘araz amalga oshirishga tayyor shifokorlar ham ko‘payib ketdi.

- Saxovatli ishlaringizga shubha bilan qarayotganlar ham ko‘p bo‘lsa kerak-a?

- Albatta. Soliq idorasining bir xodimi ochiqchasiga nima foyda topasizlar, bunaqa ishlardan, dedi. Hech qanday, yaxshilik qilish uchun bajarayapmiz, desak, yana savolga tutaverdi. «Axmoqmiz shunaqa!», deb qutulib qo‘yaqoldik.

- Serqirra faoliyatingizga omad tilaymiz! Odamlarga yaxshilik qilish istagi yo‘lingizdagi g‘ovlarni olib tashlayversin, deymiz.

Gulruh MO‘MINOVA suhbatlashdi.