Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

19 yillik abituriyent talaba bo‘la oladimi?

18 yildan buyon talaba bo‘lish orzusida bo‘lgan samarqandlik Anvar Bekmurodov 2018 yilda ham SamDU musiqa fakultetiga hujjat topshirdi.

Ammo bu gal ham omadi kelmay, ijodiy imtihondan  22 ball olib,  o‘qishga kira olmadi.

Bilim olishga, kasb o‘rganishga bo‘lgan ishtiyoqi sabab Samarqand viloyat hokimiga oshirilgan to‘lov kontrakt asosida o‘qishga kirishga hamda super kontraktni to‘lash uchun uzoq muddatli ta’lim krediti olishga yordam so‘rab murojaat qildi.

Mazkur murojaat SamDU rektori tomonidan atroflicha o‘rganilib, Anvar Bekmurodovga Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat qabul komissiyasi majlisining 2018 yil 17 avgustdagi 6-son bayonida 2018/2019 o‘quv yili qabuli bo‘yicha kirish imtihonlari natijalariga ko‘ra, eng yuqori ballning 30 foizi (56,7)dan kam ball to‘plagan, o‘qish istagini bildirgan abituriyentlar uchun oshirilgan to‘lov-kontrakt asosida amaldagi to‘lov kontrakt miqdorining 20 barobarini to‘lab o‘qishi mumkinligi yoki 2019-2020 o‘quv yilida oliy o‘quv yurtiga kirish uchun universitetning musiqa kafedrasida haftada uch marotaba bepul qo‘shimcha dars olish imkoniyati mavjudligi tushuntirildi.

Bugun Anvar Bekmurodov musiqa fakulteti o‘qituvchilari Javodbek Kozimov va domla Rahmatovlar ko‘magida musiqa sirlarini, o‘zbek xalq ko‘ylarini chalishni o‘rganayapti.

“Mutasaddi rahbarlarning e’tibori, g‘amg‘o‘rligiga javoban, albatta bu yil talaba bo‘laman”, - deydi 19 yillik abituriyent.

Baxtigul QARSHIYEVA.