Abituriyent-2023: Qo‘shimcha kvota doirasida kimlar tanlovda qatnashish huquqiga ega?
Ushbu savolga Bilim va malakalarni baholash agentligi Samarqand viloyati shu’basi xodimi Bahrom Islomov javob berdi.
- Navoiy viloyatining olis cho‘l hududlarida kamida 3 yildan beri yashab kelayotgan abituriyentlar Navoiy, Buxoro, Samarqand viloyatlaridagi OTMlarga hududda 4 yil ishlab berish sharti bilan grant asosida olinadi;
- Uzun tumani Bobotog‘ hududidagi yoshlar uchun Surxondaryo viloyati OTMlarining pedagogika va tibbiyot yo‘nalishlariga qo‘shimcha grant asosida kvota ajratiladi;
- Qurolli kuchlar tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralar harbiy xizmatchilarining farzandlari qo‘shimcha 5 foiz, Milliy gvardiya xodimlarining farzandlari qo‘shimcha 2 foiz, Bojxona xizmati xodimlarining farzandlari esa qo‘shimcha 2 foizli kvota asosida tanlovda ishtirok etadi;
- ichki ishlar organlari xodimlarining farzandlari uchun alohida 3 foizli kvota ajratiladi, ularga bu kvota doirasida tanlovda qatnashish uchun 3 yilga amal qiluvchi sertifikat beriladi;
- nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun 2 foizli kvota ajratiladi;
- mehribonlik uylari bitiruvchilari bo‘lgan chin yetimlarga va SOS-bolalar shaharchasi tarbiyalanuvchilariga 1 foizli kvota ajratiladi;
- ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlar uchun 4 foizli kvota ajratiladi;
- o‘rmonchilar va ularning farzandlariga OTMlarning tegishli yo‘nalishlari uchun qo‘shimcha 20 foizlik kvota ajratiladi;
- fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlari tavsiyanoma asosida “Ijtimoiy ish” yo‘nalishiga to‘lov-kontrakt asosida qo‘shimcha qabul ko‘rsatkichlari doirasida qabul qilinadi;
- harbiy qism qo‘mondonligi tavsiyanomasiga ega abituriyentlar o‘zlari tanlagan birinchi yo‘nalishi bo‘yicha tanlovda ishtirok etadi;
- o‘rmonchilar va ularning farzandlari;
- mutaxassisligi bo‘yicha kamida 5 yil mehnat stajiga ega, lekin oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan xotin-qizlar;
- umumta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan, ish stajiga va oliy pedagogik ma’lumotga ega bo‘lmagan o‘qituvchilarga (sirtqi ta’limda);
- bundan tashqari, 2022-2023 o‘quv yilidan boshlab oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan hokim yordamchilari davlat OTMlarining iqtisodiy ta’lim yo‘nalishlariga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining tavsiyasiga ko‘ra davlat granti asosida sirtqi ta’lim shakliga suhbat asosida o‘qishga qabul qilinadi.
Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, mazkur imtiyozlarni berish yoki bekor qilish Bilim va malakalarni baholash agentligi vakolatiga kirmaydi. Imtiyozlarni berish vakolatiga ega vazirlik, qo‘mitalar tomonidan ularning reyestri yuritilib, Bilim va malakalarni baholash agentligi ma’lumotlar bazasiga yuboriladi. Bilim va malakalarni baholash agentligi mazkur reyestrlardagi ma’lumotlar asosida kirish imtihonlarida ishtirok etgan abituriyentlarga keltirilgan hujjatlari bo‘yicha imtiyozlar qo‘llanilishini amalga oshiradi.
Xurshida Ernazarova yozib oldi.