Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

2 yoshgacha bola puli olish uchun mahalla xodimlari 13 ta hujjat talab qilyapti, shu to‘g‘rimi?

AOKA zalida Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi axborot xizmati rahbari Saodat Boymirzayeva ishtirokida brifing o‘tkazildi. Unda muhim savollarga javob berildi.

— 2 yoshgacha bola puli olish uchun mahallaga murojaat qildim. Mahalla xodimlari 13 ta hujjat, jumladan, uyboshi nomidan tuzilgan dalolatnoma va mehnat daftarchasi nusxasini topshirishimni aytishdi. Shu talab to‘g‘rimi?

— Fuqarolar yig‘ini xodimining bu talabi umuman noto‘g‘ri!

Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 15 fevraldagi «Kam ta’minlangan oilalarga ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi 44-sonli qarori asosida tasdiqlangan Nizom talablariga ko‘ra, yurtdoshlarimiz 2 yoshgacha bolalari uchun nafaqa olish uchun o‘zining yashash joyi, ya’ni doimiy yoki asosan yashab turgan joyi bo‘yicha fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organiga ariza bilan murojaat qilishi hamda unga quyidagi hujjatlarni ilova qilishi shart:

➖ oilaning tarkibi va daromadlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar hamda ushbu daromadlarni tasdiqlovchi hujjatlar;

➖ bolali oilalarga nafaqa yoki bola parvarishi bo‘yicha nafaqa olish uchun — bolalarning tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomalari nusxalari;

➖ doimiy ro‘yxatdan o‘tmasdan muayyan hududda muntazam yashab kelayotgan fuqarolardan doimiy ro‘yxatdan o‘tgan joyi bo‘yicha bolali oilalarga nafaqa, bola parvarishi bo‘yicha nafaqa va moddiy yordam tayinlanmagani va to‘lanmagani to‘g‘risida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi tomonidan berilgan ma’lumotnoma;

➖ agar bolalar vasiylikka olingan bo‘lsa — vasiylik va homiylik organining qaroridan ko‘chirma.

Bundan tashqari, ariza beruvchi moddiy yordamga ehtiyojmandlik to‘g‘risidagi arizasiga o‘z xohishiga ko‘ra, oilaning ehtiyojmandligini tasdiqlovchi boshqa hujjatlarni ham ilova qilishi mumkin.

Bundan ko‘rinib turibdiki, mahalladan 2 yoshgacha bola parvarishi uchun nafaqa pulini olish uchun fuqarodan 13 ta hujjat so‘ralgani hech qanday huquqiy asosga emas. Fuqarolar yig‘ini tomonidan 14 yoshgacha bolalari bo‘lgan oilalarga nafaqa, moddiy yordam hamda bola 2 yoshga to‘lgunga qadar bola parvarishi bo‘yicha beriladigan nafaqalar uchun fuqarolardan qonun hujjatlarida ko‘rsatib o‘tilmagan, jumladan, uyboshi nomidan tuzilgan dalolatnoma va mehnat daftarchasi nusxasini talab qilinishiga yo‘l qo‘yilmaydi.