Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

AQSh O‘zbekistondagi sog‘liqni saqlash va ijtimoiy himoya muassasalariga yordam ko‘rsatdi

Amerika Qo‘shma shtatlari Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) orqali O‘zbekistonga qiymati qariyb 400 000 AQSh dollari bo‘lgan 131 320 kilogramm oziq-ovqatni yetkazib berdi.

Ushbu yordam 144 dan ortiq sog‘liqni saqlash va ijtimoiy himoya muassasalari orqali 35 000 dan ziyod ehtiyojmand o‘zbekistonliklarga yetkaziladi. U koronavirus bilan bog‘liq karantin xizmatlari ko‘rsatayotgan, ko‘plab dorilarga chidamli sil bilan og‘rigan bemorlarga g‘amxo‘rlik qilayotgan muassasalar, shuningdek, mehribonlik uylari va ruhiy kasalliklar shifoxonlariga yetib boradi.

Vitamin va minerallar bilan boyitilib quritilgan sabzavotlar va dukkakli mahsulotlardan iborat mazkur yordam sog‘liqni saqlash va ijtimoiy himoya ob’yektlari hamda uy xo‘jaliklarida qo‘llanadi. 2009 yildan buyon USAID xalqaro oziq-ovqat dasturi doirasida O‘zbekistonga qiymati 3,2 million dollardan ortiq bo‘lgan qariyb 1163 tonna oziq-ovqat yetkazib berdi. Ushbu yangi insonparvarlik yordami AQShning sog‘liqni saqlash sohasiga yo‘naltirgan 122 million dollarlik uzoq muddatli sarmoyasi hamda so‘nggi 20 yil ichida ko‘rsatgan bir milliarddan ortiq umumiy yordamiga asoslanib tashkillashtirilgan.

Mazkur ko‘mak “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasi va Amerikaning “Resource and Policy Exchange, Inc. (RPX)” nodalat notijorat tashkiloti bilan hamkorlikda tarqatiladi. “Sog‘lom avlod uchun” dasturi O‘zbekiston Respublikasida ayollar va bolalar salomatligini yaxshilash, shuningdek, aholining ehtiyojmand qatlamlariga yordam ko‘rsatish sohasida faoliyat olib boradi. “RPX”ning asosiy maqsadi oziq-ovqat va dori-darmonlar shaklidagi texnik va nomoddiy yordam ko‘rsatish orqali sog‘liqni saqlash standartlari va axborot olish imkoniyatlarini yaxshilashdan iborat.