Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Bolalarni aldash kerakmi: Siz bunga qanday qaraysiz?

Tilimizga o‘rnashib qolgan, o‘zimiz bilmagan holda ishlatib, farzandlarimizni yolg‘onchilik va o‘ziga nisbatan ishonchsizlikka olib kelishi mumkin bo‘lgan iboralar mavjud. Biz ularni kundalik hayotda o‘zimizning halovatimizni o‘ylab ishlatamiz. Lekin ularning bola ruhiyatiga ta’siri salbiydir. Ularni siz ham ishlatgansiz:

1. «Qo‘rqma, og‘rimaydi!»
Biz bolani davolayotganda (ukol, yaralarni bog‘lashda) mana shu gapni aytishimiz tabiiy hol. Lekin bu jarayonlar og‘riqsiz bo‘lmasligi hammaga ayon. Shu gapdan so‘ng og‘riqni his qilgan bola ota-onasiga ham, shifokorga ham ishonmay qo‘yadi.

2. «Sen qolaver, men ketdim!»
O‘ynayotgan bolani uyga olib ketish uchun aytgan gapingizdan so‘ng bola qo‘rqqanidan yig‘lagancha ortingizdan yuguradi. Siz maqsadingizga yetdingiz, shundaymi? Lekin bola bu tahdid yolg‘on ekanini bilmaydi va bir kuni meni tashlab ketishlari mumkin, degan fikrga kelib qoladi. Bu holning takrorlanishi esa uning ota-onasining muhabbatiga bo‘lgan ishonchini parchalab boradi. Balki farzandingiz yana ozgina o‘ynagani yaxshiroqdir, nima dedingiz?

3. «Barakalla, yaxshi bajaryapsan!»
To‘g‘ri, bolani rag‘batlantirib turish kerak. Lekin agar bu me’yordan ortiqcha bo‘lsa, 30 yoshga kirganida ham dastro‘molchasini o‘zi yuvgani uchun maqtov eshitishni xohlab turadi. Maqtamasangiz, rag‘batlantirmasangiz, hech bir ishni qilishni xohlamaydi. Shuning uchun bola ulg‘aygan sari u bilan gaplashishning me’yorlariga amal qilgan ma’qul.

4. «Mana, yetib qoldik!»
Yo‘lda yig‘layotgan bolani ko‘ndirish uchun eng yaxshi usul, to‘g‘rimi? Lekin kun kelib bola ham mana shunday yolg‘on ishlata boshlashiga rozimisiz?!

5. «Bilmayman!»
Juda ko‘p savol berish bolalarga xos odat. Ularning savollariga erinmasdan javob bering. «Bilmayman!» degan javobni dunyodagi eng bilimli insonlar deb hisoblagan ota-onasidan eshitgan bola uchun bu juda qattiq zarba hisoblanadi. Ayniqsa, javobni tarbiyachisidan yoki boshqa birovdan eshitgan bolaga bu yanada ayanchliroqdir. Endi uning nazarida ota-onasidan ham aqlli insonlar bor. Siz bunga qanday qaraysiz?

6. «O‘ylab ko‘ramiz!»
Hammamiz bilamizki, bu «yo‘q» degan gapning boshqacha ko‘rinishidir. Bolada umid uyg‘otib, uni aldab nima qildik?! «Yo‘q!» deb qo‘yaqolaylik! Uning har bir iltimosiga «Xo‘p!» deyishimiz shart emas.

7. «Bugun park ishlamaydi».
Ota-onalar vaqtlari yo‘qligida mana shu yolg‘onni ishlatishadi. Lekin derazadan, mashina oynasidan parklar yoki bolalar maydonchalarida o‘ynayotgan bolalarni ko‘rib qolgan bola endi siz haqingizda nima deb o‘ylaydi? Demak, yolg‘on gapirish mumkin ekan, degan fikrga keladi. Undan ko‘ra «Bugun mening vaqtim yo‘q, ishim ko‘p», deb to‘g‘ri tushuntirish lozim.

8. «Men sening yoshingdaligimda bunday qilmaganman!»
Bolalar biz ham adashganimizni, xatolar qilganimizni, har qanday odam ham biror ishni bir necha bor uringanidan so‘ng uddasidan chiqishini bilishlari lozim. Bizning yuqoridagi gapimiz esa boladagi o‘ziga bo‘lgan ishonchni sindirib qo‘yadi.

9. «Men sening har bir qadamingni ko‘rib, bilib turaman!»
Bu gapdan keyin bola o‘zini himoyasiz his qiladi. Har bir qadamini qo‘rqib bosadi, qo‘rqoqlikka o‘rgana boshlaydi. Undan ko‘ra bolaning o‘zini qilgan ishlarining rostini qo‘rqmasdan aytishga o‘rgatish lozim. U sizdan qo‘rqyaptimi, aybni boshqalarga to‘nkashni o‘rganadi.

10. «Tort yoki shokolad tugadi!»
Bolalar zararli yeguliklarni ko‘p yemasliklari uchun ishlatiladigan mashhur yolg‘on. Lekin farzandingiz tortni kesayotganingizda, shokoladni do‘kondan sotib olganingizda qancha bo‘lgan-u, yana qancha qolganini ko‘rgani aniq. Yolg‘on gapirishning nima keragi bor? Yana ozgina berish yoki zararini tushuntirish yaxshiroq emasmi?

11. «O‘yinchoqlaring qayerdaligini bilmayman. O‘zing yo‘qotgansan!»
Ota-onalar bolalarning o‘yinchoqlarini yoyib tashlamasligi yoki qayta o‘ynamasligi uchun uni yashirib qo‘yishadi. Keyin bolaga o‘zi yo‘qotganini singdirmoqchi bo‘lishadi. Izlab topa olmagan bola o‘zini aybdor his qila boshlaydi. Bu esa keyinchalik ham aybdorlik hissi bilan yashashiga olib keladi.

12. «Ertaga yana kelamiz!»
Bolani ko‘ndirish uchun aytiladigan bu gapning yolg‘onligi aniq. Keyinroq kelamiz yoki umuman kelmaymiz, deyishni ep ko‘rmagan ota-onalar shu gapni ishlatishadi. Bola buning yolg‘onligini bilganidan so‘ng sizga bo‘lgan ishonchi so‘nadi.