Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Bu yil soliq tizimida nima o‘zgarish bo‘ldi?

2019 yilda yuridik shaxslarning foyda solig‘i stavkasi 14 dan 12 foizga, mol-mulk solig‘i stavkasi 5 dan 2 foizga, yagona soliq to‘lovi stavkasi 5 dan 4 foizga va yagona ijtimoiy to‘lov stavkasi 15 dan 12 foizga pasaytirildi.

Viloyat davlat soliq boshqarmasida “Soliq islohotlari – tadbirkorga madad” mavzusida tashkil etilgan matbuot anjumanida soliq tizimidagi shu kabi yangiliklar to‘g‘risida mu’lumotlar berildi.

Prezidentimizning 2019 yil 26 sentyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining soliq siyosatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan 1 oktyabrdan qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasi 20 dan 15 foizga tushirildi. Davlat soliq xizmati organlari tomonidan soliq to‘lovchilarning tijorat banklardagi hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turishning amaldagi tartibi bekor qilindi. Hozir viloyatimizda 75375 ta tadbirkorlik sub’yekti faoliyat yuritmoqda va shu kungacha 9 314 ta yuridik korxona, 13 382 ta yakka tartibdagi tadbirkorlik sub’yekti yangidan tashkil etildi va 4700 ta to‘xtab qolgan sub’yektlarning faoliyati tiklandi.

- Soliq, yuki kamayganda byudjetga tushum ham kamayadi, degan gap noto‘g‘ri, - dedi viloyat Davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i Shodiyor Ahmedov. – Birinchidan, soliq yuki kamayganda soliq to‘lovchi ko‘payadi. Misol uchun, yil boshida viloyatimizda qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilar 619 ta bo‘lgan bo‘lsa, soliq sohasidagi islohotlar samarasida hozir ularning soni 6508 taga yetdi. Ikkinchidan, soliqdan tejalgan mablag‘ bevosita korxona xodimlari maoshiga, ularni ijtimoiy himoya qilishga, ishlab chiqarishni rivojlantirishga sarflanadi. Demak, bu tashkilotlarda ham soliq hajmi ortadi.

Anjumanda ta’kidlandiki, viloyat shahar va tuman davlat soliq inspeksiyalarini zamonaviy ko‘rinishga olib kelish borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 2019 yil davomida Paxtachi va Nurobod tumani davlat soliq inspeksiyalari to‘liq ta’mirlangan bo‘lsa, Kattaqo‘rg‘on va Ishtixon tumani davlat soliq inspeksiyalari joriy ta’mirlandi.

2020 yilda Toyloq, Oqdaryo, Payariq tumanlari davlat soliq inspeksiyalari binosi ta’mirlanishi, Jomboy va Qo‘shrabot tumani davlat soliq inspeksiyalari uchun yangi binolar qurish rejalashtirilgan.

Shuningdek, boshqarma mas’ullari soliq sohasidagi o‘zgarishlar, tizimdagi yangiliklar haqida ma’lumotlar bilan tanishtirib, jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga batafsil javob berdi.

O‘ktam XUDOYBERDIYeV,

Husan Eltoyev (FOTO).