Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Dunyoni o‘zgartirishi kutilayotgan kelajak texnologiyalari

Dunyo vaqt o‘tgani sayin o‘zgarmoqda va har kun takomillashmoqda, har kun qandaydir kashfiyotlar qilinmoqda. Bu yutuqlarsiz biz hozirgi kunda bu darajada rivojlanmagan bo‘lar edik.

Butun dunyo tadqiqotchilari, ishlab chiqaruvchilari va dizaynerlari hayotimizni yengillashtirishga va qiziqarli qilishga intilib yangiliklar yaratishmoqda. E’tiboringizga kelajakda keng ommalashishi kutilayotgan ayrim kelajak texnologiyalarini taqdim etamiz.

3Dprinter

Mazkur texnologiya bir necha yildan beri biz bilan birgaligiga qaramasdan, 3D – printer tobora takomillashib bormoqda. Texnologiyaning borgan sari arzonlashishi va  ommaga keng tarqalishi sababli 3D – printer borgan sari keng ommaning ajratib bo‘lmas qismiga aylanmoqda.

Mutaxassislar hayot uchun zarur tana qismlarini 3D printerida bosib chiqarish ustida izlanishlar olib bormoqda, ular operatsiya vaqtida donor a’zo sifatida foydalanish imkonini beradi. Izlanishlar yakuniga yetgach insonlar donorlarga navbat kutishdan xavotirlanmasalar ham bo‘ladi.

Bundan tashqari, ko‘p vaqt o‘tmasdan odamlar o‘zlariga uy, velosiped va hatto avtomobil bosib chiqarish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Hyperloop vakuumli poyezd

Bunday texnologiyani yaratish fikri Elon Mask bu orzuni hayotga tadbiq etishga jazm qilguniga qadar bir necha o‘n yildan beri mutaxassislar aqlini band etib kelmoqda edi. Hyperloop – bu katta transport tizimi bo‘lib, unda vakuumli vagonlarda maxsus vakuumli yo‘laklar orqali soatiga 1300 km. (tovush tezligidan yuqori) tezlikda yo‘lovchilarni tashish imkoniyati tug‘iladi.

Raqamli monitorlar orqali ko‘rsatiladigan turli xil ko‘ngilochar dasturlar mazkur tezkor sayohatni nafaqat mamnuniyatli, balki zavqli o‘tishiga va’da bermoqda. Hyperloop mutaxassislari mazkur sistema hozirgi kunda qo‘llanilayotgan har qanday transport sistemasidan samaraliroq va arzonroq bo‘lishini e’tirof etishmoqda. 

O‘zini o‘zi boshqaradigan avtomobillar

Dunyodagi eng ko‘p kutilayotgan texnologiya. Avtohalokatlar oqibatida millionlab insonlar halok bo‘lishmoqda, bularning barchasiga inson omili sabab, xususan mast holda avtomobilni boshqarish, charchash, e’tiborsizlik va mas’uliyatsizlik. Haydovchisiz avtomobillar bularning barchasidan xalos bo‘lish imkoniyatini beradi. 

Nanotexnologiya

Suvni zararli moddalardan tozalashdan boshlab inson organizmini tahlil qilish va zararli moddalardan tozalashgacha – nanotexnologiyalar yaqin kelajakda biz tasavvur qila olmaydigan darajadagi olamni va’da qilishmoqda.

Bor yo‘g‘i bir qancha nanometr hajmdagi zarra mashinalar yaqin kelajakda inson DNKsini o‘rganishni boshlashadi va bizga jismlarning boshlang‘ich tarkibini o‘zgartirish imkonini berishadi.

Mazkur mashinalar shunchalik kichik bo‘lishadiki, ular ishlashi uchun quvvatni yurak urishimiz ritmi yoki hujayralarimizdagi kimyoviy moddalarning o‘zi yetarli bo‘ladi. Nanotexnologiyalar yordamida biz Alsgeymer, saraton, OITS va boshqa  kasalliklar ustidan mutloq g‘olib bo‘lamiz.

Vaqt o‘tib insoniyat nanotexnikasiz o‘tgan davrga tosh asri davriga qaragandek qaraydi, biroq xozircha bu texnologiya bizga nimalar hadya eta olishi haqida faqatgina faraz va orzu qila olamiz.

Augmentatsiya – Jismonan va aqlan kuchayish

Bionika inson yuz tuzilishini o‘zgartiradi. To‘g‘ri ma’noda. Biz texnikaga qanchalik yaqinlashganimiz sari, bizning imkoniyatlarimiz hozirgiga nisbatan bir necha barobar oshadigan davrga yaqinlashib bormoqdamiz.

Ko‘z nurini bir necha barobar kuchaytira oladigan linzalar, ko‘zi ojiz insonlarga ko‘rish imkonini beradigan videokameralar, balandroq sakrash, tezroq yugurish, ko‘proq yuk ko‘tarish va hatto elektron uskunalarni idrok orqali boshqarish – inson va mashina o‘rtasidagi chegara sekin astalik bilan yo‘qolib bormoqda. Yangi imkoniyatlar tufayli biz katta ehtimolga ko‘ra,  bizlarga noma’lum yangidan yangi his–tuyg‘ularni boshdan o‘tkazamiz. Balki biz ranglarni “eshitishimiz” yoki elektron maydonlarni “his qilishimiz” yoki bo‘lmasa “Matritsa” filmidagi kabi yangi ma’lumotni shunchaki miyamizga yuklab olishimiz mumkin bo‘ladi.  

Sun’iy go‘sht

Sun’iy go‘sht yetishtirish bo‘yicha texnologiya jadallik bilan rivojlanib bormoqda. Ta’mi va energiya quvvati bo‘yicha laboratoriyada o‘stirilgan namunalar tabiiy mahsulotga tenglashtirilgan. Shu bilan yetishtirishning bu usuli atrof-muhitga ziyoni kamroq va foydaliroq. BMT bergan ma’lumotlarga ko‘ra, XXI asr o‘rtalariga kelib Yer yuzi aholisi 10 mlrd.ga yaqinlashadi va go‘shtga bo‘lgan ehtiyojning kamayishi amri mahol.

Robotlar va dronlar

Robototexnikaning rivojlanishi oqibatida biz do‘stona robotlar haqida ko‘proq eshitadigan bo‘ldik. Hozirgi kunda kuzatilayotgan dronlar  ommalashuvi – bu faqat boshlanishi. Tez orada bozorda yanada aqlli va yanada foydali mashinalar paydo bo‘ladi.

Bular insonlarga yordam berishga yoki suhbat qurishga mo‘ljallangan bo‘lishadimi yoki insonlarni ayrim sohalarda (ofitsiant, barmen, oq soch) o‘rnini egallaydigan robotlar bo‘lishadimi buning ahamiyati yo‘q, bir narsa aniq: Robototexnika rivojlanishi to‘xtamaydi. Hech qancha vaqt o‘tmay televizor, kompyuter, kir yuvish mashinasi va mikroto‘lqinli pech bilan bir qatorda robot – yordamchilar ham sayyoraning deyarli barcha xonadonining ajralmas qismiga aylanadi.

Ustma-ust ekadigan fermer xo‘jaliklari

Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2050 yilga kelib sayyoraning 80 foiz aholisi shahar markazlari ichida yashashadi, shu sababli ko‘pchilik davlatlarning asosiy muammosi oziq-ovqat yetishtirish muammosini hal qilish bo‘ladi. Ustma-ust ekadigan fermer xo‘jaliklari ko‘pchilik orolli hududlarning muammosiga hozirgi kunning o‘zida yechim bo‘lyapti.

Oziq-ovqat mahsulotlarini ustma-ust yetishtirish tizimining qo‘llanilishi bo‘sh hudud muammosini hal qilishda juda samarali yechim bo‘ladi. Ayniqsa hozirgi kunda yer maydonlarini butun dunyoda yildan yilga qimmatlab borayotganligi hisobga olinsa. Bundan tashqari, bunday fermalarni qurilish tizimi suvni tejashga imkon beradi. Bunday fermalar haqiqatdan ham toza va yangi mahsulot yetishtirishda muammoning toza va tejamli yechimi hisoblanmoqda.

Haqiqiy sun’iy idrok

Ko‘p yillardan beri OAV biz bilan suhbatlasha oladigan, bizning buyruqlarimizni va tuyg‘u, hatto hazillarimizni ham tushuna oladigan kibernetik sherik va’da qilishmoqda. Biroq ayni damda ushbu orzu orzuligicha qolmoqda.

Shu bilan birga ko‘p o‘tmay hammasi o‘zgarishi mumkin, chunki muhandislar tunu kun tinmasdan inson tuyg‘u va ifodasini tushuna oladigan dastur ustida izlanishlar olib borishmoqda. Ilg‘or texnologiyalar yutuqlari sababli, yuz tuzilishni aniqlash texnologiyasidagi ayrim SI dasturlari bizni jahlimiz chiqqanini, xafa bo‘lganimizni yoki xursandligimizni tushunish imkoniyatiga ega. Ularning ayrimlari hatto “ko‘rib turgan” voqea-hodisani ta’riflash imkoniyatga ega.

Bularning barchasi atrof-muhitni o‘rganishga va o‘zlarining tajribalari bilan bo‘lishishga qodir robotlar yaratilishidagi ilk qadamlardir. Aynan shu fikrni maqsad qilib, mutaxassislar bir kun kelib, yetuk va keng fikrlovchi mashinalar yaratishga umid qilishmoqda.

Bonus: 1000 yil umr ko‘rish

Kembridj gerontolog olimi Obri de Grey fikriga ko‘ra, agar texnologiya shu zaylda rivojlanishda davom etsa, juda yaqin kelajakda 1000 yil umr ko‘ra oladigan insonlar paydo bo‘ladi.

Tadqiqotchi, bo‘linish imkoniyatini yo‘qotgan hujayralarni yo‘q qiladigan va uning o‘rniga sog‘lom hujayralarni ko‘payishiga va tiklanishiga imkon beradigan terapiya ustida ish olib bormoqda. Terapiya 60 yoshli insonga, u 90 yoshga to‘lmaguncha, 30 yoshdagidek qolish imkonini beradi. Jarayon 120 yoki 150 yilgacha va undan ham keyin takrorlanaveradi.

Mister Grey fikriga ko‘ra, mazkur usul yaqin kelajakda hayotga tadbiq etilishi mumkin. Shunday qilib, ehtimol yaqin kelajakda insoniyat mangu yoshlik sharbatini topishi mumkin.

Bekzod Musurmonov

internet materiallari asosida tayyorladi.