Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Erkinjon Turdimov Yoshlar ittifoqi murojaatlariga e’tiborsiz rahbarlarni tanqid qildi

Samarqand shahridagi Yoshlar markazida viloyat hokimi Erkinjon Turdimov ishtirokida “Hokim va yoshlar” uchrashuvi o‘tkazildi.

 30 iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda 500  nafardan yosh tadbirkor va fermerlar, muddatli harbiy xizmatdan kelgan, jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilgan yoshlar, talabalar, o‘quvchilar, ijtimoiy himoyaga muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan yigit-qizlar, sportchilar, fan olimpiadalari g‘oliblari ishtirok etdi.

Uchrashuv avvalida yoshlarning jamiyatdagi o‘rni va rolini mustahkamlash, ularni qo‘llab-quvvatlash va har tomonlama muhofaza qilish davlat rahbari e’tiboridagi eng muhim masalalardan biri ekanligini ta’kidladi.

– Yoshlarning puxta bilim olishi, kasb-hunar egallashi uchun barcha shart-sharoitni yaratib qo‘ysak, ularning bandligini ta’minlasak, hayotda o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashsak jamiyada uchraydigan ko‘p muammolarga yechim topiladi, turli xil ko‘ngilsiz holatlar uchramaydi, – dedi E.Turdimov. – Shuning uchun davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarida, ko‘plab davlat va jamoat tashkilotlarida yoshlar bo‘yicha o‘rinbosar lavozimi joriy etildi. Aynan yoshlar manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan davlat dasturlari qabul qilindi. Ammo, afsuski, hali ham ayrim rahbarlarda, tashkilotlarda yoshlar murojaatlariga bepisand qarash, ularga yetarli darajada e’tibor qaratmaslik holatlari uchramoqda. Bunday shaxslar faoliyatiga albatta, huquqiy baho beriladi. Lekin siz o‘zingiz ham ana shunday vaziyatda ularga qarshi o‘z munosabatingizni bildiring, sizni eshitmayotgan, murojaatlaringizga e’tiborsiz qarayotgan rahbarlar haqida ijtimoiy tarmoqlarda yozing, haq-huquqingizni talab qiling. Shaxsan men bu borada sizlarni qo‘llab-quvvatlashga tayyorman.

Uchrashuvga qadar 110 nafar yoshlarning murojaatlari ro‘yxatga olingan bo‘lsa, tadbir chog‘ida 25 ta muammoli masalalar, takliflar bildirildi. Har bir murojaatga shu yerning o‘zida yechim izlandi va mutasaddilarga muddati belgilangan holda topshiriqlar berildi.