Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

“Halollik vaksinasi” yaratilsa baxtli bo‘lamiz(mi?)

“Halollik vaksinasi”ni yaratishda insonning baxt to‘g‘risidagi tushunchasini sog‘lomlashtirish muhim ahamiyatga ega. Bunda insonning xulqini belgilaydigan narsa uning baxt to‘g‘risidagi tushunchasi ekanligidan kelib chiqilgan. Inson baxtliligining eng muhim sharti qo‘rquvsiz erkin yashash hissi va xotirjamligi ekanligi asoslab berilgan. Buni anglagan odamda korrupsiyaga qarshi antivirus shakllanishiga imkoniyat paydo bo‘ladi.

O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar muvaffaqiyatiga va taraqqiyotimizga korrupsiya illati asosiy to‘siq hisoblanadi. Shuning uchun korrupsiyaga qarshi kurash masalasi bugungi kunda biz uchun eng dolzarb muammo sanaladi va ushbu muammoning yechimi ma’naviy yuksalishga qaratilgan profilaktika ishlari bilan bog‘liqdir. Jamiyatning ma’naviy yuksalishida esa ma’rifiy islom dini hal qiluvchi rol o‘ynaydi, chunki ma’naviyat bu, eng avvalo, insonning ruhini poklash demakdir.

Bugungi kunda, insoniyat jamiyatida mavjud bo‘lgan ijtimoiy muammolar, nafaqat ijtimoiy taraqqiyotga to‘siq, balki jamiyatning keyingi mavjud bo‘lishini gumon ostiga qo‘ymoqda. Bunday muammolarga yadro qirg‘in quroli tahdidi, terrorizm, ekologik muammolar, oilaning global inqirozi, bakteriologik qurollar va korrupsiya muammolari kiradi. Ushbu muammolarni bartaraf qilishda oqibat bilan kurashgandan ko‘ra uning oldini olish, ya’ni sababni bartaraf qilish muhim ahamiyatga ega. Bu muammolar sababi odamlarning xulqi bilan bog‘liq. Chunki jamiyatda qanaqa muammo bo‘lmasinki, u odamlar tomonidan sodir qilinadi. Demak, muammolarning yechimi odamlarning xulqini o‘rganishni taqozo etadi.

Odamning xulqi uning baxt to‘g‘risidagi tushunchasi bilan bog‘liq. “Halollik vaksinasi”ni ishlab chiqish bugungi kunda jamiyatshunos olimlar oldida turgan eng dolzarb muammo hisoblanadi. Bunday “vaksina”ni ishlab chiqish uchun inson xulqini belgilaydigan omillarni aniqlash va o‘shandan kelib chiqib fikrlash kerak bo‘ladi.

Insonda ijtimoiy ong shakllangandan bosh­lab u baxtli yashaydigan farovon jamiyatni orzu qilyapti va nimani baxt deb hisob­lasa, o‘shanga intilib yashamoqda. Shuning uchun insonning xulqi, yurish-turishi, xatti-harakati va to‘g‘ri yoki egri yo‘ldan yurishi uning baxt to‘g‘risidagi tushunchasi bilan bog‘liq bo‘ladi. Agar inson uchun baxtli bo‘lish moddiy jihatdan boy bo‘lish bo‘lsa, unda u moddiy boylik ilinjida yashab, moddiy ehtiyojlarining quliga aylanib qoladi. Keyin esa, moddiy boylik uchun huquq va axloq me’yorlarini buzishga moyil bo‘ladi. Abu Nasr Forobiy ushbu xususda gapirib, “Ammo agar insonning fikrlash quvvati baxt-saodatning mazmun, mohiyatini bilmasdan (xato fikrlash) o‘tkinchi, boshqalarga ham, o‘ziga ham zarar yetkazuvchi, arzimas rohat-lazzatlarni baxt-saodat deb o‘ylab (mol, mulkni kupaytirish kabi) nomunosib maqsadlarga intilsa, bu intilish va harakatlar go‘zal emas, balki rasvo, tuban ish-harakatlardir”, deb ta’kidlagan. Bunday odamlar bo‘lgan joyda korrupsiya, xufyona iqtisodiyot va axloqsizlik, buzuqlik kabi illatlar kelib chiqishiga sharoit yaratiladi. Bunday illatga chalingan odamlar moddiy jihatdan boy bo‘lishadi, lekin tinchlik va xotirjamlikdan mahrum bo‘lib, baxtli hayotdan uzoqlashishadi.

Buni tushunish uchun esa, ular baxt bu, eng avvalo, qo‘rquvsiz erkin yashash hissi, tinchlik va xotirjamlik ekanligini anglab olgan bo‘lishlari lozim. Buni anglab olgan odamda yuqorida qayd etilgan illatlarga qarshi immunitet shakllangan bo‘ladi, chunki ushbu illatlar inson baxtliligining muhim sharti bo‘lgan qo‘rquvsiz erkin yashash hissi va xotirjamlikdan mahrum etadi. Shuning uchun insonning baxt to‘g‘risidagi sog‘lom tushunchasi “halollik vaksinasi”ning muhim elementi sifatida xizmat qiladi deb aytish mumkin. Albatta, “halollik vaksinasi” tarkibida boshqa elementlar ham bo‘ladi, lekin baxt to‘g‘risidagi sog‘lom tushuncha asosiy element hisoblanadi, chunki vaksinaning boshqa barcha elementlari baxt to‘g‘risidagi tushuncha bilan bog‘liq bo‘ladi.

 “Halollik vaksinasi” deganda harom qilingan ishlarni qilishga undaydigan virusni o‘ldirishga qodir bo‘lgan antivirus rolini bajaradigan g‘oyalar majmui tushuniladi. Korrupsiya illati ana shunday harom qilingan ijtimoiy kasallik hisoblanadi va bu kasallikni keltirib chiqaradigan virus bo‘ladi.

Korrupsiyaning virusi deb poraxo‘rlikni aytish mumkin, chunki korrupsiya poraxo‘rlikning birlashganlik va uyushganlik holati hisoblanadi. Poraxo‘rlik insonning o‘z nafsini, ehtiyojlarini jilovlay olmaslik natijasida kelib chiqadi. O‘z ehtiyoji va nafsining quliga aylanib qolgan odamda poraxo‘rlik virusi kelib chiqadi. Bu esa, ma’naviy qashshoqlik bilan bog‘liq.

Ma’naviy qashshoq odam baxtli hayotni moddiy jihatdan boy bo‘lish deb tushunadi va puling bo‘lsa, changalda sho‘rva degan tamoyilga asoslanib yashaydi. Bunday odam har qanday yo‘l bilan bo‘lsa ham, moddiy jihatdan boy bo‘lishga harakat qiladi. Ana shunday yo‘llardan biri mehnat qilmasdan, pora olish orqali moddiy jihatdan boy bo‘lishdir. Demak, poraxo‘rlik virusi odamning baxt to‘g‘risidagi nosog‘lom tushunchasi bilan bog‘liq. Shuning uchun ushbu illatning antivirusi odamning baxt to‘g‘risidagi tushunchasini sog‘lomlashtirish bilan bog‘liq bo‘ladi.

Inson o‘zi qanchalik harakat qilmasin, agar baxtli hayotni ta’minlaydigan ijtimoiy sharoit bo‘lmasa, uning baxtli bo‘lishi gumon bo‘lib qoladi. Inson baxtliligining eng muhim shartlaridan biri – bu uning mustaqilligidir. Ikkinchi muhim shart – bu tinchlik va osoyishtalikning ta’minlanganligidir. Uchinchi muhim shart – bu adolatli ijtimoiy tartib barqarorligining ta’minlanganligidir.

Shuning uchun bobolarimiz duo qilganda uzoq va baxtli umr ko‘rgin deb aytishadi. Demak, baxtlilik va uzoq umr ko‘rish bir-biriga bog‘liq bo‘lgan tushunchalar ekan. Binobarin, baxt – bu qo‘rquvsiz erkin yashash hissi va qalbdagi xotirjamlik hamda moddiy va ma’naviy ehtiyojlarning qondirilganlik holati deb aytish to‘g‘ri bo‘ladi. Inson qo‘rqmasdan erkin yashashi uchun uning xavfsizligi ta’minlangan bo‘lishi lozim. Buning uchun esa, inson xavfsizligiga bo‘lgan tahdidlardan himoyalangan bo‘lishi kerak. Tahdid deganda insonga biror-bir jismoniy, moddiy va ma’naviy zarar, shikast va ziyon yetkazilishi mumkinligi, ya’ni xavf ehtimoli tushuniladi.

Ibn Sino hayvonlar bilan o‘tkazilgan tajriba asosida qo‘rquvning tirik organizmga halokatli ta’sir etishini isbotlab bergan. Ibn Sino tajribada ikkita bir xil yoshdagi qo‘yni ikkita alohida uyda bir xil boqadi, faqat xonalardan biriga qafasga bo‘rini solib qo‘yadi. Tajriba natijasida shu narsa ma’lum bo‘ladiki, bo‘ri bo‘lgan xonadagi qo‘y ovqat yesa ham, suv ichsa ham ko‘zi bo‘rida bo‘lgan, ishtahasi bo‘g‘ilib borgan va oxir oqibatda halok bo‘lgan. Demak, qo‘rquv tirik organizmga, jumladan, insonga ham halokatli ta’sir etar ekan.

Nazorat va jazolash bilan ijobiy natijaga erishib bo‘lmasligi to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev “Lekin faqat qamchi va qilich bilan ijobiy natijalarga erishib bo‘ladimi? Bu nafaqat – xato fikr, balki chuqur yanglish, deb hisoblayman. Bu borada profilaktika ishlarini kim samarali olib boradi?”, deb savol bilan murojaat qilgan. Ushbu savolga javob berish uchun profilaktika ishlarini amalga oshirish uchun kerak bo‘lgan “halollik vaksinasi” ishlab chiqilgan bo‘lishi lozim.

Korrupsiya tahdidiga qarshi immunitetni shakllantirishga yoki virusga qarshi antivirusni shakllantirishga xizmat qiladigan vaksina hayotbaxsh so‘zlardan va g‘oyalardan iborat bo‘ladi. “Vaksina” bo‘lib insonning baxt haqidagi to‘g‘ri tushunchasi, baxtga erishishda mustaqillikning, tinchlikning, adolatning, ma’naviyatning, milliy g‘oyaning, demokratiyaning, fuqarolik jamiyatining, islohotlarimiz asosida yotgan liberallashtirishning o‘rni va O‘zbekiston tanlagan evolyusion taraqqiyot yo‘lining ahamiyati to‘g‘risidagi g‘oyalar majmui xizmat qiladi.

Norozilik bo‘lgan muhitda odamlar ongu qalbiga ezgu g‘oyalarni singdirib bo‘lmaydi. Korrupsiya – bu halokat, korrupsioner esa terroristdan ham xavfli falokat deb aytish mumkin.

Adolat bilan razolat o‘rtasidagi kurashda kimning g‘alaba qozonishi odamlardagi befarqlik va daxldorlik hissiga bog‘liq. Befarqlik kuchli bo‘lgan muhitda razolat g‘alaba qozonadi, chunki befarq odam shayton izmida yurgan bo‘ladi. Shuning uchun odamlar o‘zlariga men kimning izmida yuribman degan savol bilan murojaat qilib turishlari kerak.

Ma’naviyat qashshoq bo‘lgan joyda korrupsiyaga sharoit yaratiladi va korrupsiya bu sharoitni asrash uchun ma’naviyatning yuksalishiga yo‘l qo‘ymaydi. Chunki korrupsiya illat sifatida faqat nosog‘lom ijtimoiy muhitdagina mavjud bo‘ladi va bunday muhit odamlar ma’naviyati qashshoq bo‘lgan holdagina kelib chiqadi. Korrupsiyaning sababi ma’naviy qashshoqlik, oqibat esa insoniyatning halokati va uning yechimi sababni bartaraf qilish bilan bog‘liq.

Demak, jamiyatni va, eng avvalo, yoshlarimizning ongi va qalbini yot g‘oya hamda mafkuralardan, korrupsiya illatidan himoya qilishning eng maqbul yo‘li ma’naviy va mafkuraviy immunitetni shakllantirishga qaratilgan profilaktika ishlari bilan bog‘liq.

Farhod Nabiyev,

professor.