Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Hududiy futbol assotsiatsiyalari faoliyati o‘zgaradimi?

Vazirlar Mahkamasi shu yil 22 mayda “Hududiy futbol assotsiatsiyalari faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

Mazkur qaror ijrosini ta’minlash maqsadida viloyatimizda nimalar bajarildi, ayni vaqtda qanday ishlar qilinmoqda? Samarqandda futbolni yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha qanday choralar belgilandi? Shu kabi savollar bilan viloyat futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse prezidenti Shuhrat SAYFULLAYeVga murojaat qildik.

  • Bugungi kunda viloyatimizda futbol bilan muntazam shug‘ullanuvchilar 20 mingga yaqin, - deya gap boshladi Sh.Sayfullayev. - 2030 yilgacha futbolning ommaviyligini oshirish maqsadida aholining umumiy soniga nisbatan bu sport turi bilan shug‘ullanuvchilarning 5 foizini jalb etishga erishamiz. Shuningdek, viloyat bolalar va o‘smirlar futbol akademiyasi negizida viloyat futbol mahorat maktabi tashkil etish ko‘zda tutilgan. Bundan buyon hududdagi havaskor futbol klublari, korxona, tashkilot va muassasalar jamoalari o‘rtasida futzal bo‘yicha viloyat birinchiligi va kubogi musobaqalari doimiy o‘tkaziladi. O‘tgan yili ishchi xodimlar o‘rtasida o‘tkazilgan futzal musobaqasi ham yaxshi natija berdi. Joriy yilning dastlabki oyida start olgan futbol bo‘yicha 2-liga viloyat birinchiligi, kubogi musobaqalarida 16 ta futzal jamoalari hamda 240 nafar futzalchilar o‘yinlarda ishtirok etdi. Epidemiologik vaziyat barqarorlashishi bilan bu kabi musobaqalar davom ettiriladi.

Samarqand olimpiya zaxiralari va Toyloq olimpiya zaxiralari maktab-internatlari negizida 2020-2021 o‘quv yilidan boshlab kvota ajratish doirasida futbol bo‘limlari tashkil etilmoqda. Shuningdek, havaskor futbolchilarning boshlang‘ich professional futbol bilan shug‘ullanishi uchun “Dinamo-plyus”, “Sherdor” va “Zirabuloq” klublariga saralab olish amaliyoti qo‘llaniladi. Tegishli ta’lim muassasalarida futbol klublari, sport shifokori, sport psixologi, sport farmatologi, sport huquqshunosi va sport diyetologi yo‘nalishlari bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash rejalashtirilmoqda.

Bugungi pandemiya sharoitida ham futbolchilarimiz bo‘sh qolidirilgani yo‘q. Ular bilan onlayn tarzda mashg‘ulotlar olib boryapmiz. Ularning har biri uy sharoitidan kelib chiqib shug‘ullanmoqda.

  • Bu borada umumiy o‘rta ta’lim maktablari hamda bolalar-o‘smirlar sport maktablarida ahvol qanday?
  • Umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘rtasida har bir shahar, tumanlarda yiliga kamida ikki marotaba «Maktablar futbol ligasi» musobaqalarini o‘tkazib borish rejalashtirilgan. Shahar, tuman bolalar-o‘smirlar sport maktablari futbol bo‘linmalari va xususiy futbol maktablari o‘rtasida yosh toifasidan kelib chiqib, belgilangan me’yorlar asosida «Sport maktablari futbol ligasi» musobaqalari o‘tkazib boriladi. Hatto maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilarini futbolga qiziqtirish uchun o‘yin shaklida ko‘rgazmali darslar tashkil etiladi.
  • Kelgusida viloyatda futbolni rivojlantirish uchun rejalaringiz va ayni paytdagi muammolarni ham aytib o‘sangiz...
  • Bugungi kunda viloyatda xususiy professional futbol maktablari va futbol klublari huzuridagi futbol akademiyalari yo‘q. Shuningdek, bolalar-o‘smirlar sport maktablarida ham ko‘plab kamchiliklar bor. Jumladan, Samarqand shahar 1-BO‘SM va 2-BO‘SM futbol bo‘limi faoliyatini o‘rganganimizda futbol maydoni, kiyinish va yechinish xonalari ta’mirga muhtojligiga guvoh bo‘ldik. Futbol jihozlari yetishmaydi, trener kadrlar yo‘q, Samarqand tumanidagi 1-BO‘SM va 2-BO‘SM futbol bo‘limida ham shu ahvol. Futbol maydoni qarovsiz, ta’mirtalab, futbol guruhlari tashkil etilmagan. Past Darg‘om tumani 2-BO‘SM futbol maydoni, kiyim almashtirish xonalari kapital ta’mirga muhtoj. Qolgan barcha tumanlardagi futbol maydonlari ham ta’mirtalab. Ayni paytda Qo‘shrabot tumani BO‘SMda ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.

Samarqand futbol assotsiatsiyasi negizida viloyat terma jamoalari uchun futbol markazini tashkil etish maqsadida Samarqand shahrining Bog‘dod ko‘chasi 39-uyni viloyat futbol assotsiatsiyasi balansiga o‘tkazib, ta’mirlash ishlarini olib borish rejalashtirildi. Shuningdek, viloyatda beligilangan standartlarga javob beradigan sun’iy qoplamali maydon hamda sohil futbol maydonlari yetishmaydi. Bu borada ham takliflar tayyorlanmoqda.  

  • Hududlar bo‘yicha eng yaxshi ko‘rsatkichga ega qaysi futbol jamoalari bor?
  • Viloyat birinchiligi musobaqalarida doimiy qatnashib kelayotgan Samarqand shahrining “Sherdor”, Narpay tumanining “Zirabuloq” jamoalari o‘tgan yili O‘zbekiston Pro Ligasining guruhlarida ishtirok etdi. Oqdaryo tumanining “Oqdaryo”, Jomboyning “Jomboy”, Kattaqo‘rg‘on shahrining “Do‘stlik-K”, Ishtixonning, “Shuhrat”, Payariq tumanining “Bahor” va “Turon” jamoalari, Past Darg‘omning “Dinamo” FM, “Juma”, Toyloqning “Sochak”, Samarqand shahridan “Panjob”, “Akademiya”, “Motrid”, “2-BO‘SM” jamoalari chempionatlarda ishtirok etib, yuqori o‘rinlar uchun kurashib kelmoqda. Kelgusida barcha hududlarda futbol jamoalari shakllantiriladi.

Shuningdek, futbol sohasidagi normativ-huquqiy bazani yanada takomillashtirish, futbol infratuzilmasini moddiy-texnik jihatdan yanada yaxshilash hamda xalqaro talablarga moslashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqilmoqda. Futbol sohasida malakali mutaxassislarni tayyorlash uchun viloyatimizda murabbiylar uchun “D”, “S”, “V” litsenziyalari o‘quv kurslari mavjud. Viloyat futbol assotsiatsiyasi yosh mutaxassislar malakasini oshirish uchun doimiy tayyorlov kurslarini o‘tkazib keladi.

Husan ELTOYeV suhbatlashdi.