Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

«Human» agentligi rahbari ustidan sud jarayoni boshlandi

Bugun, 16 dekabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudida Sh.Fayzullayev (1992 yilda Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan. “HUMAN” xususiy bandlik agentligi” MChJ rahbari)ga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud jarayoni boshlandi. Bu haqda Oliy sud axborot xizmati rahbari Aziz Obidov xabar qildi.

Sudlanuvchi Sh.Fayzullayev JKning 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a” bandi, 179-moddasi (soxta tadbirkorlik), 189-moddasi (savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish) 1-qismi, 192-11-moddasi 2-qismi “a” bandi (nodavlat tijorat tashkilotida yoki boshqa nodavlat tashkilotida mansabdor shaxslar tomonidan o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilish), 227-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni, avtomototransport vositalarining va ular tirkamalarining (yarim tirkamalarining) davlat raqam belgilarini egallash, nobud qilish, ularga shikast yetkazish yoki ularni yashirish) 2-qismi “a” bandi va 243-moddasi (jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish)da nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda.

Dastlabki tergov organi tomonidan qo‘yilgan ayblovga ko‘ra, Toshkent shahrida joylashgan “HUMAN” xususiy bandlik agentligi” MChJning rahbari Sh.Fayzullayev va boshqalar respublikamiz viloyatlarida vakolatxonalar tashkil etgan. Jamiyat tashkil topgan kundan 2019 yil 13 sentyabrga qadar bo‘lgan vaqt oralig‘ida fuqarolarni Germaniya, Chexiya, Yaponiya, Koreya Respublikasi, Bolgariya va Litva davlatlariga ishga joylashtirishni va’da qilib, har bir fuqarodan taklif etilgan ishdan kelib chiqqan holda 6 300 000 so‘mdan 35 000 000 so‘mgacha pullarni agentlikning bank hisob raqamiga to‘lash yo‘li bilan qo‘lga kiritgan. Ushbu fuqarolarni hech qayerga yubormay, o‘zganing juda ko‘p miqdordagi pullarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritishgan.

Bundan tashqari Sh.Fayzullayev, o‘zining jinoiy harakatlarini davom ettirib, boshqa shaxslar bilan oldindan jinoiy til biriktirib, tuzilgan jinoiy reja asosida “HUMAN” xususiy bandlik agentligi” MChJni tashkil etib, AKIB «Ipoteka bank» Yakkasaroy filialidan jamiyat hisob raqamini ochib, g‘ayriqonuniy yo‘llar bilan boylik orttirish maqsadida tovarlar savdosi qoidalarini juda ko‘p miqdorda buzib, 143 080 000 so‘m pul mablag‘larini korxonaning buxgalteriya hisob registrlarida tegishli tartibda aks ettirmagan. Belgilangan tartibda bank muassasasiga topshirmaganligi, jamiyatning birlamchi buxgalteriya hujjatlarini yashirib, nobud qilib, hujjatli tekshiruvga taqdim qilmagani, jinoiy yo‘l bilan topilgan pullarning kelib chiqishiga qonuniy tus berishga erishgani, soxta tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanib, o‘z mansab vakolatidan qasddan foydalanib, fuqarolarning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlariga juda ko‘p miqdordagi zarar yetkazganligi aniqlangan.

JIB dastlabki tergov harakatlari O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti tomonidan olib borilgan. Jinoyat natijasida 1 198 nafar fuqaroning manfaatlariga zarar yetkazilgan. Jinoyat ishi doirasida 5 ta ko‘chmas mulk va 5 ta avtotransport vositasi xatlangan.

Jabrlanuvchilar ko‘pligi va turli hududlardan bo‘lgani bois ularni sud majlislarida ishtirok etishini yashash joylaridagi sudlar binolarida o‘rnatilgan videokonferensaloqa tizimi orqali ta’minlash rejalashtirilgan.

Mazkur jinoiy ish jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudi sudyasi Xayrulla Rahmonov raisligida ko‘rib chiqilmoqda. Sud jarayoni davom etmoqda.