Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Intensiv bog‘lar nega quriyapti?

Bu yil yoz kutilganidan ham issiq keldi. Havoning keskin ko‘tarilishi oqibatida  dov-daraxtlar, mevalar, intensiv bog‘larda ham salbiy holatlar kuzatildi. Ayrim hududlarda ekilgan intensiv bog‘dagi ko‘chatlar issiqdan qurib qolishi holatlari kuzatilgan. Xo‘sh, bu haqiqatan ham issiq tufaylimi yoki ko‘chatlarning qurib qolishiga boshqa sabab bormi?

- Odatiy bog‘lardan farqli ravishda intensiv bog‘lar uchun haroratning keskin ko‘tarilib ketishi zarar keltiradi, - deydi M.Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti Samarqand ilmiy tajriba stansiyasi bosh agronomi Bobur Haydarov. - Chunki odatiy bog‘da ko‘chatlar 30-40 santimetr chuqurlikka ekilib, ildizi 1 - 1,5 metr chuqurlikkacha yetadi, intensiv bog‘larda esa ko‘chatlar yerning yuza qatlamida  25-30 santimetr chuqurlikda joylashganligi bois ko‘pi bilan har 10 kunda tomchilatib sug‘orib turish kerak. Ya’ni, ko‘chatlarning ildizi doim nam bo‘lishi lozim.

Intensiv bog‘lar uchun asosan Yevropa davlatlarida tayyorlangan ko‘chatlar keltirildi va tabiiyki, bu ko‘chatlar o‘sha yerdagi nisbatan nam va salqin iqlimga moslashgan bo‘ladi. Bunday bog‘lardan yaxshi hosil olish uchun maydonlarning ustini to‘r setkalar bilan yopish lozim. Bu, avvalo, bog‘ni issiqdan saqlaydi va hosilni qushlardan himoya qiladi.

Yana bir masala. Ko‘chatlar faqat issiqdan qurimaydi. Hozir bog‘dorchilikda monepial kuyish kasalligi paydo bo‘lgan. Bu kasallik yomg‘irdan keyin quyosh nurining to‘g‘ridan-to‘g‘ri tushishi va haroratning keskin oshishi natijasida yuzaga kelib, asosan olma, behi kabi danakli mevali daraxtlarga tushadi va bir maydondan ikkinchi maydonga ko‘chadi. Bu kasallik daraxtning bargini qovjiratadi, keyin ko‘chat tanasi quriydi. Ko‘chat ko‘rinishidan issiq havo va suvsizlikdan qurib qolganga o‘xshaydi. Bu kasallikni bartaraf etish uchun yuqorida aytganimdek, maydon ustiga to‘r setka yopish kerak va ko‘chatning o‘suv davrida ektoxlorog, xloroksomed bilan va uyqu davrida ohak va oltingugurt aralashmasi (ISO) kimyoviy vositalari bilan mutaxassis ishtirokida ishlov berish lozim.

 Ma’lumot o‘rnida aytadigan bo‘lsak, viloyatimizda 26,3 ming gektar bog‘ maydoni bo‘lib, uning 20,4 ming gektari hosilga kirgan. Bu bog‘larning 10 ming gektardan ortig‘ini tomchilatib sug‘oriladigan intensiv bog‘lar tashkil etadi.  

O‘ktam XUDOYBERDIYEV.