Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Ish haqi va pensiyalar miqdori 7 foizga oshirildi

O‘zbekistonda 2020 yil 1 fevraldan boshlab byudjet xodimlarining ish haqi, pensiya, stipendiya, nafaqa hamda kam ta’minlangan oilalarga beriladigan moddiy yordam miqdori 1,07 barobarga oshiriladi.

Bu haqda kecha imzolangan Prezident qarorida nazarda tutilgan.

2020 yil 1 fevraldan boshlab O‘zbekiston hududida:

mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori — oyiga 679 330 so‘m (hozir 634 880 so‘m);

pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori — oyiga 238 610 so‘m (hozir 223 000 so‘m);

eng kam yoshga doir pensiyalar — oyiga 466 680 so‘m (hozir 436 150 so‘m);

bolalikdan nogironlarga beriladigan nafaqa — oyiga 466 680 so‘m (hozir 436 150 so‘m);

zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nafaqa — oyiga 286 390 so‘m (hozir 267 650 so‘m) etib belgilandi.

Soliq, yig‘im, jarima, davlat boji va ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlari, tadbirkorlik faoliyatining muayyan turi bilan shug‘ullanish uchun patent (litsenziya) to‘lovlari hamda qonun hujjatlarida belgilangan boshqa to‘lovlar miqdorini aniqlashda qo‘llaniladigan bazaviy hisoblash miqdori – 223 000 so‘m o‘zgarishsiz qoldirildi.