Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Ishtixonda kommunal xizmat sifati yaxshilanadimi?

Bugungi jazirama kunlarda qishloq joylarda kommunal xizmatlarga katta ehtiyoj tug‘ilmasligi mumkin. Ammo kuzning salqin, qishning izg‘irinli kunlarida elektr va gaz ta’minotidagi uzilishlar odamlarni ancha qiyin ahvolga solib qo‘yadi. Xo‘sh, Ishtixon tumanida kuz-qish mavsumida kommunal xizmatlar bilan bog‘liq muammolar bo‘lmasligi uchun qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

- Bugun kommunal xizmatdagi muammolar odamlar eng ko‘p shikoyat qiladigan masalalardan biri, - deydi Ishtixon tumani hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Umid Islomov. – To‘g‘ri, ayni paytda odamlarning dala ishlari bilan bandligi, kunlarning iliqli bois birmuncha kamaygan, ammo bu hali muammo butkul bartaraf etildi, degani emas.

Shu bois, tumanimizda har bir soha kesimida kuz-qish mavsumida uzilishlarning oldini olish uchun zarur chora-tadbirlarni belgilab olganmiz.

Misol uchun, bugungi kungacha 41 ta transformator punkti va 78 kilometr elektr tarmog‘i mukammal ta’mirlandi. 7 ta yangi yangi transformator punkti hamda 13,5 kilometr elektr tarmog‘i yangidan qurildi.

Bundan tashqari, yana 275 kilometr elektr tarmog‘i, 134 ta transformator punktini mukammal ta’mirlash rejalashtirilgan. Mavjud holatdan kelib chiqib, 16 ta yangi transformator punkti va 49,5 kilometr elektr tarmog‘i quriladi.

Tumanda aksariyat hududlar markazlashgan ichimlik suvi tarmog‘i bilan ta’minlanmagan. Mutasaddilarning aytishicha, ichki imkoniyatlar va byudjetdan ajratilayotgan mablag‘lar asosida zarur ishlar amalga oshirib kelinmoqda.

"Samarqand suv ta’minoti” mas’uliyati cheklangan jamiyati Ishtixon tuman bo‘limi tomonidan shu kungacha korxonaning ichki imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda 800 metr suv tarmog‘i joriy ta’mirlanib, 3 ta suv minorasini rekonstruksiya qilingan. Bundan tashqari, Chig‘atoy va Shayxislom qishloqlaridagi nosoz holatga kelib qolgan suv inshootlari mahalla bilan hamkorlikda hashar yo‘li bilan ta’mirlandi. 5 dona nasos uskunasi, 2 dona boshqaruv qutisi yangilandi. Bugungi kunda Bo‘ston mahallasida 1980 yillarda qurilgan suv tarmog‘ini qayta tiklash ishlari olib borilmoqda, bu ish amalga oshgach, 9 dona xo‘jalik toza ichimlik suvi bilan ta’minlanishi ko‘zda tutilgan.

- Albatta, aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash borasida hali qilinadigan ishlarimiz ko‘p, - deydi U.Islomov. – Bu borada davlatimiz rahbarining yaqinda qabul qilingan qarori asosida beriladigan subsidiya mablag‘laridan unumli foydalangan uchun yangi loyihalarni amalga oshirishni rejalashtiryapmiz.

Tumanda 6890 aholi xonadonlariga elektron gaz hisoblagich uskunalari (EGHU) o‘rnatish rejalashtirilgan bo‘lib, joriy yilda 684 ta iste’molchi 3-bosqichli gaz ta’minoti tizimidan 2-bosqichli tizimga o‘tkaziladi.

Tabiiy gaz yetib boradigan hududlarni tabiiy gaz bilan bir me’yorda ta’minlash maqsadida uchta hududda gaz quvurlarini me’yordagi hajmli quvurga almashtirish choralari ko‘rilmoqda.

Tabiiy gaz yetib bormaydigan aholi xonadonlari uchun 2204 ta yangi maishiy gaz ballon bilan ta’minlash bo‘yicha talabnoma berilgan. 2020-2021 yil kuz-qish davrida iste’molchilarni belgilangan grafik asosida suyultirilgan gaz bilan ta’minlash uchun 2 ming 167,6 tonna suyultirilgan gaz bilan ta’minlash rejalashtirilmoqda.

Bu borada to‘lovlar sun’iy oshirilishining oldini olish maqsadida elektron to‘lovlarni joriy qilish va innovatsion g‘oyalar asosida xar bir gaz ballonga chip o‘rnatish choralari ko‘rilyapti.

Yo.Marqayev.