“Istanbul-Samarqand” aviareysida 11 million so‘mdan ziyod noqonuniy kitoblar ushlandi
Samarqand xalqaro aeroportiga “Istanbul-Samarqand” yo‘nalishidagi aviareys bilan uchib kelgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi X.Yu. bojxona nazorati zonasidan o‘tish vaqtida uning xatti-harakatlari bojxonachilar e’tiborini tortdi, deb xabar bermoqda viloyat bojxona boshqarmasi axborot xizmati.
Bojxona xodimlari mazkur fuqaroga tegishli bo‘lgan bagaj sumkasini xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirishdi.
Sumka ichidan yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida yozib ko‘rsatilmagan qiymati 11 million so‘mdan ziyod diniy mazmundagi kitoblar borligi aniqlandi.
Fuqaro X.Yu. ma’muriy huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybdor deb topilib, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 33-moddasiga asosan eng kam oylik ish haqining bir baravari miqdorida jarima jazosiga tortildi.
Huquqbuzarlik ashyosi sifatida olingan kitoblar davlat foydasiga musodara qilindi.
Ma’lumot uchun: O‘tgan 2018 yilning mart oyidan joriy yil mart oyiga qadar samarqandlik bojxonachilar tomonidan qiymati 41 mln. so‘mdan ziyod, jami 357 dona diniy mazmundagi kitoblarning noqonuniy yo‘llar bilan keltirilishi oldi olingan.