Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Istanbuldan Farg‘onaga charter reys bilan uchib kelgan fuqaro insultdan vafot etdi

Bugun, 25 mart kuni erta tongda “Istanbul – Farg‘ona” aviareysi orqali olib kelingan 244 nafar O‘zbekiston fuqarolari karantinga olindi.

Ushbu charter reys bilan uchgan 63 yoshli, nogironligi mavjud fuqaro F.ning ahvoli samolyotda og‘irlashgan. Unda yurak yetishmovchiligi, oyoq va qo‘llarida harakatsizlik kuzatilgan. Bu haqda xabar olingach, Farg‘ona shahar halqaro aeroportiga maxsus jihozlangan reanimobil tez tibbiy yordam mashinasi o‘z vaqtida yetib kelgan.

Shundan so‘ng bemorga zudlik bilan reanimatsion muolajalar ko‘rsatilgan. Mashina ichida unga yurak, nafas tizimini yaxshilash uchun muolajalar bajarilib, defibrilyasiya amaliyoti tezkorlik bilan o‘tkazilgan. Standartlar bo‘yicha o‘tkazilgan muolajalarga qaramasdan, bemor vafot etgan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabariga ko‘ra, unga bosh miyada qon aylanishining o‘tkir buzilishi, o‘tkir yurak yetishmovchiligi tashxisi qo‘yilgan. Ayni paytda sud-tibbiy ekspertizasi o‘tkazilmoqda.

Boshqa yo‘lovchilar Oltiariq tumanidagi “Qiziltepa” sihatgohiga joylashtirildi.

Hozirgi kunda ushbu muassasada joylashtirilganlarning barchasini sog‘ligi tibbiyot xodimlari tomonidan belgilangan tartibda nazoratga olingan.