Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Jamoat arbobi Bektosh RAHIMOV Samarqandga munosib farzand edi

Bu odam to‘g‘risida birorta davrada salbiy fikr eshitmaganman. Qolaversa, barcha anjuman va gurunglarda odamlarni o‘z so‘ziga ishontira olganiga guvoh bo‘lganman. Ko‘pchilikning fikri bu: Bektosh aka Samarqandning munosib farzandi edi!

Gazetamizning 1974 yildan keyingi taxlamlarini varaqlab chiqdim. O‘zim va boshqa mualliflar yozgan maqolalarga ko‘z tashladim: har kuni bir yangilik, har kuni bir masala mushtariy hukmiga havola etiladi. Darvoqe, u kishi yig‘ilish avvalida jurnalistlar bor-yo‘qligini so‘rab olgach, keyin so‘zini boshlardi. Shonli tariximiz, betakror obidalarimiz, ulug‘ allomalarimiz haqida faxr bilan gapirishiga havas qilardik.

Kasbim taqozosiga ko‘ra tumanlarga borganda o‘zim guvoh bo‘lganman: viloyat rahbarini o‘z hududida o‘sha zaminning taniqli kishilari, oqsoqollar kutib olishar va Bektosh aka avval ular bilan chin dildan suhbat qurardi. Ayniqsa, o‘sha davrda tanilib qolgan olimlar va ziyolilarni u kishi har bir yig‘ilishga da’vat etardi. Muhimi, bu ziyolilar gazetamizda tez-tez dolzarb mavzuda chiqishlar qilishardi.

Hamon yodimizda. Muharririmiz kelgusi ish rejasini belgilab olish uchun har kuni ertalab "planyorka" o‘tkazardi. O‘shanday payt­larda muharrir telefoni tez-tez jiringlab, operator qizning "Birinchi sizni so‘rayapti", degan ovozi eshitilardi. Muharrirning u yoki bu darajadagi hayajonini uning yuzidan bilib turardik. Birinchi rahbarning gazetani muntazam kuzatib borishini yaxshi bilar edik. Shu bois yana nima gap ekan, deya vujudimiz quloqqa aylanardi. Go‘shakni qo‘ygan muharrir quvonchini yashirolmasdi: "Falon-falon maqolalar uchun o‘rtoq Rahimov rahmat dedi" deyardi. Bundan ijodiy jamoamiz g‘ururlanib ketardi. Yoki majlislarda Bektosh Rahimovning gazetani yuqoriga ko‘tarib, "Mana bu maqolani o‘qidingmi?", deya tegishli odamdan so‘rab, uni izzat qilgan, "Falon joyda falon kishi yaxshi ish qilyapti, uni respublikaga yoyish kerak", deya ko‘rsatma berganini ko‘p bora eshitganmiz. Bir so‘z bilan aytganda, gazeta birinchi rahbarning g‘oyaviy, ma’naviy quroli sifatida ardoqlanar edi. O‘sha yillari gazeta oltmish-yetmish ming nusxada bosilardi.

Bektosh Rahimov rahbar sifatida birinchi galda shahar va qishloqlar qiyofasini o‘zgartirishga katta kuch  sarfladi. Jumladan, qadimiy kentlardan biri Mirbozor qo‘rg‘oni obod qilindi. Bu yerda Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari xotirasiga yodgorlik o‘rnatilib, muzey barpo etildi. Paxtachi tumanida Xumor, Jomboy tumanida Beshbola, Samarqand shahridagi Farhod qo‘rg‘onlari yangi ko‘rinishga ega bo‘ldi.

Kattaqo‘rg‘on tumanidagi Kadan qishlog‘ida madaniyat saroyi qad rostladi. 1975 yilda Registon maydonida "Samarqand yuragi" deb nomlangan sobiq ittifoqda birinchi nurli, ovozli panorama ishga tushirildi. O‘sha yili o‘zbek oqinlari – Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li, Islom shoir va Po‘lkan shoirlarning yuz yilligi keng nishonlandi. Baxshilar xotirasiga haykal o‘rnatilib, Registon yaqinida xiyobon tashkil qilindi. Vohamizni suv bilan ta’minlovchi 1-May nomi bilan ataluvchi tarixiy to‘g‘on majmuasida suv va sug‘orish tarixiga oid muzey ochildi. Urgut tumanidagi ikkita xo‘jalik yerlarini suv bilan ta’minlash imkonini beradigan Tojikiston Respublikasi hududidagi "Do‘stlik" deb nomlanuvchi nasos stansiyasi ishga tushirildi.

Urgut va Samarqand tumanining besh ming gektar yerini sug‘orishga mo‘ljallangan sig‘imi 19 million kub metr bo‘lgan Qoratepa, Mo‘minobod suv omborlari o‘sha yillari qad rostladi. Cho‘pon ota massivida xalqaro andazalarga to‘la mos keladigan eshkak eshish kanalining bunyod etilishi va unga yaqin joyda qayiq zavodining qurilganligi tarixiy voqea bo‘ldi.

Bektosh Rahimovning Ohalik zonasida parrandachilikni rivojlantirish maqsadida jo‘ja ochirish inkubatsiyalari va fabrikalar qurganligiga ham guvoh bo‘lganman, ushbu voqealar gazeta sahifalarida muntazam yoritib borilgan va bugungi parrandachilik tarmog‘i rivojiga o‘sha yillari asos solingandi.

– Bektosh Rahimov qishloq mehnatkashlarini qadrlar, ularni e’zozlashni, rag‘batlantirishni yaxshi ko‘rar edi, – deydi "Nuroniy" jamg‘armasi viloyat bo‘limi raisi H.Normurodov. – Paxtachilik, polizchilik, bog‘dorchilik yohud boshqa kasb sohibi bo‘lsin, unda "yilt" etgan narsani ko‘rsa, uni yuksaklarga ko‘tarar, ko‘z-ko‘z qilar edi.

Paxtachilik sohasida Bobosher Shovqiyev, Bozor Donoyev, Shamsi Nazarov, Zulayho Norqulova, Joniqul Yusupov, Boyto‘ra Ko‘makov, Normahmat Esonturdiyev kabi o‘nlab zarbdorlar nomini elga yoyishda shubhasiz, Bektosh Rahimovning xizmati katta bo‘ldi.

"Uch qora" mayizi haqida to‘lqinlanib so‘z ochar va uni, hatto kosmonavtlarga quvvat uchun bir-ikki donadan ulashilishini faxr bilan gapirardi. Yoki Samarqand, xususan, Ishtixon qovunlari shuhratini tiklash, mayizlarimizni qadoqlab, eksportga chiqarish, Qo‘shrabot va Nurobodda yilqichilikni rivojlantirish uchun qilgan harakatlari hech kimning yodidan chiqmaydi. Samarqand sut kombinati tashkil qilib, unda o‘ndan ziyod sut mahsulotlar tayyorlatgani, chuvot va qimiz ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yganligi kechagidek yodimizda. Qorako‘l va angor echkilarini ko‘paytirish, chorvachilikni rivojlantirish uchun butun-butun komplekslar ishga tushirildi.

Saxiy dalalarda yetishtirilgan noz-ne’matlarni shaharliklar dasturxoniga tortiq etish yo‘lida "Samarqand yerining saxovati" an’anaviy ko‘rgazmasi va qovun sayili uzoq yillar xalqimiz yodida muhrlanib qoldi.

Bektosh Rahimovning Samarqand shahrini obodonlashtirish, tarixiy-madaniy obidalarni ta’mirlash, yangi ijtimoiy binolar bunyod etishdagi hissasi alohida tahsinga loyiqdir. Xalq dardi bilan yashash, xususan mahalliy kadrlarni ko‘paytirish uning uchun oson bo‘lmagandi. O‘sha davrdagi tuzim va siyosat bunga yo‘l qo‘ymasdi ham. Chunki boshqaruv va ijro apparatlari, ularning joylardagi idora hamda tashkilotlarida bizga "yo‘l ko‘rsatuvchi"larning butun bir armiyasi faoliyat ko‘rsatar, bosilgan har bir qadamni ular o‘lchab turishardi. Bunday kezlarda ustamonlik bilan ish yuritmagan odamning "oyog‘i toyib" ketishi hech gap emasdi. Bektosh Rahimov bunday sinovlardan o‘zining bilimdonligi va tashabbuskorligi, lozim paytda favqulodda xulosa chiqara olishi kabi fazilatlari bilan ulardan ustun kelgandi.

Pillani ota-bobosi umrida ko‘rmagan kishi bosh bo‘lsa, qirq daraja issiqda aqalli oddiy temirni ushlab ko‘rmagan kishi "Selxoztexnika" idoralarini boshqarsa, paxtani "beda" deb o‘ylagan kishilar nufuzli idoralarda o‘tirib olsa, chorva nimaligi tushiga ham kirmagan zot butun boshli tuman va sovxozlarni idora qilsa… Bunga qanday chidash mumkin edi. Ildizi chuqur tomir otgan bunday insonlarni chetga surib qo‘yish oson ish bo‘lmagandi o‘shanda.

– Biroq Bektosh Rahimov ularni "mot" qilish yo‘lini o‘ylab topgandi, – deydi mehnat faxriysi Toshbo‘ri Qilichev. – Katta bir yig‘ilishda ulardan birini turg‘azib. O‘rtoq falonchiyev, qani ayting-chi, sizning qavmingizga mansub bitta pillachi yoki mexanizatorni menga topib bera olasizmi? Qahramonlikka tavsiya qilaman, deb qoldi. Shubhasiz, ular jim. Mana ko‘rdingizmi, dedi o‘shanda Bektosh aka. Sizlar o‘z ustilaringizda ishlamaysizlar, jonni koyitmaysizlar. Shundan keyin o‘nlab rahbarlar birin-ketin almashtirildi.

Vatanimiz mustaqillikka erishgach, Bektosh Rahimov uzoq yillar davomida O‘zbekiston Respublikasi Faxriylar tashkilotlari uyushmasi Kengashi jamg‘armasiga raislik qildi. Ikkinchi jahon urushida dom-daraksiz ketgan 400 ming shahidning ism-sharifi yozilgan "Xotira kitobi"ni nashr ettirdi.

Darvoqe, Bektosh Rahimov bilan 1998 yilning 23 oktyabrida uchrashgan edik. O‘shanda Samarqandda Imom Buxoriy, bir kundan keyin Farg‘onada Ahmad al-Farg‘oniy yodgorlik majmualari ochilgan edi. O‘shanda biz Farg‘onada u kishi bilan suratga tushdik. Ushbu surat jamoat va davlat arbobidan menga yorqin xotira bo‘lib qoldi.

Adham HAYITOV,

jurnalist.

Bektosh Rahimov 1924 yil 23 fevralda Narpay tumanida tug‘ilgan. O‘rta Osiyo davlat universitetida tahsil olgan. Narpay tuman maktablarida ishlagan.

Ikkinchi jahon urushi ishtirokchisi, xalq maorifi bo‘limi yo‘riqchisi,  ijroqo‘m raisi o‘rinbosari, raisi, Toshkent Oliy partiya maktabi tinglovchisi. O‘zMarkazkomda mas’ul tashkilotchi, Narpay, Kattaqo‘rg‘on tumanlari, Xorazm va Andijon viloyatlarining birinchi rahbari. So‘ngra Samarqand viloyat komitetining birinchi sekretari vazifasida ishlagan.