Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Jomboyda o‘g‘irlangan «Damas» Urgut yo‘lida YTHga uchradi

Samarqand viloyatining Jomboy tumanida mashina olib qochildi. Bu haqda IIVning «Postda» nashri ma’lum qilgan.

Tumanning Qoramo‘yin mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi V.R. har galgidek, kechqurun «Damas» avtomashinasini darvozasi oldida qoldirib, uyiga kirib ketadi. Egri niyatli kimsalarga esa avtomobilning qarovsiz qoldirilgani qo‘l keladi.

Ertalab tashqariga chiqqan V.R. mashinasi joyida yo‘qligini ko‘rib, ichki ishlar organiga xabar berdi.

O‘g‘irlangan mashinani va bu qilmishni sodir etgan shaxsni qidirib topish bo‘yicha ishlar ketayotgan paytda Urgut tumanining Omonqo‘ton qishlog‘i hududidan o‘tuvchi «Olmaota – Toshkent – Termiz» yo‘lining 1071-kilometrida «Neksiya» va «Damas» avtomashinalari ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgani haqida xabar kelib tushdi.

O‘rganishlar natijasida YTHda ishtirok etgan mazkur «Damas» olib qochilgan avtomashina bo‘lib chiqdi. Uni Bulung‘ur tumani Zarafshon mahallasida yashovchi O.N. boshqarib ketayotgan ekan. U o‘g‘rilikda gumon qilinib, qo‘lga olindi.