Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Karantin vaqtida ruxsatsiz oltin qidirayotgan 26 kishi ma’muriy qamoq va jarimaga tortildi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining ma’lum qilishicha, Uchquduq tumani ma’muriy sudida O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 54-moddasi (epidemiyalarga qarshi kurashish qoidalarini buzish), 165-moddasi (faoliyat bilan litsenziyasiz va boshqa ruxsat beruvchi hujjatlarsiz shug‘ullanish) hamda 195-moddasi (ichki ishlar organlari xodimlarining o‘z xizmat burchlarini bajarishlariga qarshilik ko‘rsatish)da nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarliklar harakatlari bo‘yicha Buxoro viloyatining Shofirkon tumanida yashovchi 26 nafar fuqaroga nisbatan yuritilgan ma’muriy ish ko‘rib chiqildi.

Aniqlanishicha, ushbu fuqarolar respublika hududida karantin e’lon qilingan bo‘lishiga qaramasdan, 2020 yil 6 aprel kuni niqobsiz bo‘lib, karantin tufayli belgilangan majburiy qoidalarini buzishgan.

Shuningdek, tegishli tartibda ruxsati bo‘lmasdan, Uchquduq tumanidagi qo‘riqlanmaydigan konlardan tarkibida oltin zarrasi bo‘lgan toshlarni qazib chiqarishayotganligi aniqlangan. Yana ichki ishlar organlari xodimlarining talablariga bo‘ysunmasdan, qochib ketish haqida bir-biriga aytib, ichki ishlar organlari xodimlarining o‘z xizmat vazifalarini bajarish bo‘yicha qonuniy talablarini bajarmaslikka da’vat etib, voqea joyidan yashirinishga harakat qilishgan.

Sud bu fuqarolarning aybi, ular bergan ko‘rsatmalaridan tashqari bildirgi, ish bo‘yicha olingan tushuntirish xatlari, ashyoviy dalillar hamda ish bo‘yicha to‘plangan boshqa hujjatlar bilan o‘z tasdig‘ini topgan deb hisobladi.

Uchquduq tumani ma’muriy sudining 2020 yil 7 apreldagi qarori bilan 26 nafar huquqbuzarlarga ma’muriy qamoq va jarima jazolari tayinlangan.