Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Katta Farg‘ona kanalini bunyod etishda ishtirok etgan 103 yoshli momoning ko‘zlari ko‘ra boshladi

Qashqadaryo viloyati ko‘z kasalliklari shifoxonasiga Chiroqchi tumani Beshchashma mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi 103 yoshli Jumagul momo Eshnazarova ko‘zlari xiralashganidan shikoyat qilib murojaat qilgan edi.

Jumagul momo shifoxonada to‘liq tekshiruvdan o‘tkazilib, unga asoratli katarakta tashxisi qo‘yildi. Momo avvaliga “Golovin–Sivsev” jadvalida (ko‘z shifokorlari xonasida osig‘liq turadigan turli kattalikdagi harflar va shakllardan iborat jadval) bor-yo‘g‘i 2 qator harf ko‘ra olar edi.

Olti kunlik ambulator davolash tadbirlaridan so‘ng momoning ko‘zlari ravshanlashib, jadvaldagi 5 qator harflarni to‘liq ko‘ra boshladi. Bu haqda Qashqadaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi axborot xizmati ma’lum qildi.

Shifokorlarning qayd etishicha, shu yoshda bunday holat hayratlanarli hodisa hisoblanar ekan.

– Mutaxassislar bilan maslahatlashib, kelgusida shifoxonamizga keltirilgan zamonaviy fakoemulsifikator uskunasi yordamida momoning ko‘zlariga sun’iy gavhar qo‘yishni mo‘ljallayapmiz, – deydi shifokor Davron Berdiyev. – Ajabmas, momomiz yana chevarchilik bilan shug‘ullanib qolsalar...

Yoshligida Katta Farg‘ona kanalini bunyod etishda ishtirok etgan Jumagul momo hali tetik va bardam. Momo shifokorlarga chin dildan minnatdorlik bildirib, kasb bayrami bilan tabrikladi.