Toza ichimlik suv quvuridagi nosozlik bartaraf etildi
4 yanvar kuni kanalimizda Samarqand shahridagi Shaar arig‘i ustidan o‘tuvchi aholiga yetkazilayotgan toza ichimlik suvi quvuridan otilib chiqib, uvol bo‘layotgan suv haqida "Bir daqiqada 5 litr, endi uni soatga, kunga ko‘paytiring!" sarlavhali tanqidiy maqola berilgan edi.
Holat yuzasidan "Samarqand suv ta’minoti" MChJ tomonidan munosabat bildirildi.
Ma’lum qilinishicha, holat bugun bartaraf etilgan.
"Samarqand shahri Ko‘ksaroy mahallasi hududidan o‘tuvchi ichimlik suv quvuridagi nosozlik "Samarqand suv ta’minoti" mas’uliyati cheklangan jamiyati Samarqand shahar filiali tomonidan bartaraf etildi", deyiladi xabarda.
***
P/s: Tanqidiy maqolaga munosabat bildirish "Bo‘ldi, bajardik!", deganimi? Xo‘p, quvurdagi nosozlik bartaraf etilibdi. Bu yaxshi, albatta. Lekin nega o‘tgan yilning 19 dekabrida @zarafshonbotga qilingan murojaatdan keyin bu ishlar amalga oshirilmadi? O‘tgan 15 kun davomida qancha suv isrof bo‘lgan? Buni kim hisoblaydi, to‘g‘rirog‘i, kim to‘laydi?..